Jahon | 18:53 / 21.01.2023
87386
5 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada ultrao‘nglar namoyishida Qur’on yoqildi, Turkiya buning oqibatidan ogohlantirdi

Foto: AP

27 yanvar kuni Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonson rasmiy tashrif bilan Turkiyaga borishi kutilgandi. Ammo tashrif Anqara tomonidan bekor qilingan. Bu haqda Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar ma’lum qilgan.

Germaniyadagi «Ramshteyn» aviabazasida o‘tkazilgan «Ukraina mudofaasi bo‘yicha muloqot guruhi» yig‘ilishidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Hulusi Akarning aytishicha, Shvetsiyada terrorchi guruhlarning Turkiyaga qarshi harakatlari davom etmoqda. Bundan tashqari, Turkiya mudofaa vaziri mamlakatning Shvetsiyadagi elchixonasi oldida islom olamining muqaddas kitobi Qur’onni yoqish bilan bog‘liq provokatsiyaga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgan.

Turkiya mudofaa vazirining aytishicha, bunga o‘xshash harakatlar fonida Shvetsiya mudofaa vazirining Anqaraga tashrifi mantiqsizlikdir. «Stokholmdan amaliy harakatlar kutib qolamiz», degan Akar.

Turkiyaning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasi haqida gapirar ekan, Hulusi Akar Anqara bosib olingan hududlarni tan olmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya urush boshlanganidan buyon tinchlik uchun harakat qilib kelmoqda va aynan Turkiyaning tashabbusi bilan vaziyat biroz stabillashib, asirlar almashinuvi kabi harakatlar amalga oshirilgan. Akarning fikricha, Turkiya prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Ukraina va Rossiya yetakchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lib turgani muammoga yechib topishni yengillashtiradigan omildir.

Shvetsiyada nimalar bo‘lmoqda?

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin o‘z hududiy yaxlitligiga jiddiy tahdid sezgan Finlandiya va Shvetsiya NATOga kirishga ariza berdi. Buni Amerika va ittifoqchilari faol qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, ikki skandinav davlatlari bilan tarang munosabatda bo‘lgan Turkiya bunga rozi bo‘lmay, shart qo‘ya boshlagandi.

Turkiya har ikki davlatga topshirishi kerak bo‘lgan kurdlar ro‘yxatini topshirdi va ular berilsagina Turkiya Shvetsiya hamda Finlandiyaning alyansga qo‘shilishini qo‘llashini ma’lum qildi. Turkiya ro‘yxatdagilar terrorchi ekanini iddao qiladi.

Bunga norozilik o‘laroq turli xil harakatlar o‘tkazildi. Masalan, Daniyadagi «Keskin kurs» radikal harakati yetakchisi Rasmus Paludan islom olamining muqaddas kitobi Qur’oni karimni odamlar oldida ommaviy yoqib yubordi. Bu shaxs avval ham musulmon muhojirlar yashaydigan hududlarda Qur’on kitobini yoqqan.

Musulmonlarni tahqirlash aksiyalarida ko‘p marta tashkilotchilik qilgan Paludanning o‘zi esa xavfsizligi ta’minlanmasligidan qo‘rqib Shvetsiyaga bormoqchi emasligini aytgandi. Shvetsiya davlat telekanali bo‘lmish SVT jurnalisti Chang Frik bunday namoyish uchun ruxsat olgani, daniyalik radikal xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z hisobidan pul to‘lashga tayyorligini aytdi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Qur’onni yoqish so‘z erkinligiga kirmasligini aytdi. «Shvetsiyada boshqa dinlar kitobi tugul biror oddiy kitobni yoqishga ham ruxsat berishmaydi, ammo gap Qur’onga kelganda ularning esiga so‘z erkinligi tushib qolib, hammasini shunga bog‘lashadi. Hech kim islomga qarshi harakatlarni so‘z erkinligi pardasi ostida oqlashga haqli emas», dedi Turkiya bosh diplomati.

Shundan keyin Shvetsiyaning Turkiyadagi elchisi TIVga chaqirtirilib, buning oqibatlaridan ogohlantirildi. O‘z navbatida Turkiyaning Shvetsiyadagi elchisi Tezel Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Bilstryom bilan uchrashib, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgan.

«Bu islomga qarshi pastkashlikdan boshqa narsa emas. Odamlarda nafrat uyg‘otadigan narsalarni so‘z erkinligiga bog‘lash to‘g‘ri emas. Umid qilaman, Shvetsiya hukumati aksiya boshlanguniga qadar nimadir qiladi, aks holda bu ish butun dunyoda keskin salbiy rezonans keltirib chiqaradi», dedi Chovusho‘g‘lu.

Mavzuga oid