O‘zbekiston | 12:01 / 16.08.2024
9573
3 daqiqa o‘qiladi

Senat huquq-tartibot idoralari xodimlari videolarini «obro‘sizlantirish maqsadida» tarqatishni taqiqlovchi qonunni rad etdi

Huquq-tartibot organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullanmadi. Hujjat qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Oliy Majlis Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi

Ushbu hujjatda huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni «obro‘sizlantirish maqsadida» tarqatganlik uchun javobgarlikni nazarda tutilgandi. Senatorlar qonunni ma’qullanmadi va  qayta qo‘rib chiqish uchun qaytardi. Endi parlament palatalarining kelishuv komissiyasi tuziladi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarovning aytishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida videolavhalar e’lon qilishni taqiqlash va jarima ballariga oid normalarni “takomillashtirish zarur”.

Eslatib o‘tamiz, qonun 2023 yil 28 noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi. Unda huquq organlari xodimlarining foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun 50 BHM (17 mln so‘m) jarima yoki 15 sutka (15 sutkagacha emas) ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. 

Faol jamoatchilik, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Doniyor G‘aniyev va Bobur Bekmurodov bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan edi.

Doniyor G‘aniyevning fikricha, agar shunday me’yor qabul qilinsa, bu – fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan “hurmati o‘rnini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”,

 “Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin”, – degandi G‘aniyev parlamentdagi muhokamada.

Bobur Bekmurodovning fikricha, rivojlangan davlatlarning tajribalari yetarli asos bo‘la olmaydi.

“Chunki bu davlatlarda bunday cheklovlar bo‘lishi bilan birga, har bir fuqaro xohlagan paytda o‘sha politsiya xodimining bodikamerasidagi tasvirini olish huquqi ham kafolatlangan. Bizda esa bu qonunda bu kafolat kiritilmagan.

Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, MJtKning 202-2-moddasida shaxsni obro‘sizlantirish maqsadida unga tegishli axborotlarni tarqatishni cheklaydigan normalar bor. Bu – huquqni muhofaza qilish idoralariga ham tegishli. Ya’ni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun alohida norma belgilashda mantiq yo‘q”, – deya ta’kidlagandi deputat o‘z videomurojaatida.

Mavzuga oid