O‘zbekiston | 11:00 / 28.05.2015
2572
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryolik ayol tadbirkorlarga kredit mablag‘lari ajratildi

O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning kasbiy, ma'naviy va intellektual o‘sishiga ko‘maklashish, bandlik masalalarini hal qilish, mehnat sharoitini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylarida tadbirkorlik va fermerlik faoliyatiga jalb qilish masalalari O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan Qarshi davlat universitetiida “Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-seminar ana shu vazifalar ijrosini ta'minlashga bag‘ishlandi.

Unda viloyat hokimligi, markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi vakillari, xalq deputatlari mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor, fermer, hunarmand va olima ayollar hamda talaba qizlar ishtirok etdi.

"O‘tgan  yili  ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirishga qaratilgan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga”, “Sog‘lomoila-mustahkam oila”, “Tadbirkorlik tamoyillari va ishbilarmonlik imkoniyatlari” loyihalarida 10 mingdan ortiq opa-singillarimiz ishtirok etdi. Eng chekka hududlarda olib borilgan ishlar natijasida 247 nafar ayollar tadbirkorlikka jalb etilib, ushbu maqsadlarga 903 mln so‘m kredit mablag‘i ajratildi, buning natijasida  209 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi", – deydi O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati kengashi raisining Ayollar masalalari” bo‘yicha o‘rinbosari I.Xushmurodova.

Loyiha ishtirokchilardan biri, G‘uzor tumanidagi “Navro‘z” mahallasida istiqomat qilayotgan Inobat Rahimqulova 39 mln. so‘m kredit olib, tikuvchilik korxonasini tashkil etdi. Natijada 5 nafar xotin-qiz ish bilan ta'minlandi.

Shuningdek, tadbirda partiyaning “Fermer ayol” loyihasi doirasida joylarda fermer xotin-qizlarning tajribasini ommalashtirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ayollar rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaliklari faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borilayotganligi aytib o‘tildi. Qolaversa, xotin-qizlar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, oilaviy korxonalar va fermerlik faoliyatini barqaror rivojlantirishda bank-moliya muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar, tadbirkorlik loyihalarining banklar orqali moliyalashtirishning huquqiy asoslari haqida ishtirokchilarga batafsil ma'lumotlar berildi.

O‘zLiDeP matbuot  xizmati bildirishicha, tadbirda “Zulfiya”nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Go‘zal Raxmonova so‘zga chiqib, yoshlarimiz jamiyatimizning barcha jabhalarida o‘z imkoniyatlari va salohiyatini namoyon etishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligini qayd etdi. Tengdoshlarini yaratib berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlari, o‘z ustida ishlab, o‘qib-o‘rganishlari lozimligini ta'kidladi.