Jamiyat | 19:32 / 01.06.2015
5880
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada tomoshabinlar ustiga 700 kg keladigan varrak tushib ketdi

Yaponiyada tomoshabinlar ustiga 700 kg keladigan varrak tushib ketdi. Oqibatda 4 nafar kishi jarohat olgan, ular orasida pensioner va kichik maktab yoshidagi 7 yoshli bola ham bo‘lgan.

Mahalliy matbuot qo‘ngilsiz voqea 31 mayda Sigar prefekturasida sodir bo‘lganini aytmoqda. Prefekturada joylashgan Xigasiomi shahrining istirohat bog‘laridan birida o‘tkazilgan festival davomida festival tashkilotchilari 13 metrga 12 metr keladigan katta varrakni uchirishga qaror qilishgan.

Guvohlarning aytishicha, varrak uchirilgandan keyin 7 daqiqa o‘tib 200 metrlik balandlikdan pastga qulagan.

Mahalliy rasmiylar bergan ma'lumotlariga ko‘ra, 73 yoshli pensioner jiddiy jarohat olgan, u shifoxonaga yetkazilgan. Yana uch kishi turli darajada jarohatlar olgan, biroq ularni shifoxonaga olib borishga hojat bo‘lmagan.

Ayni paytda huquq-tartibot muassasalari xodimlari voqea tafsilotlarini aniqlashtirmoqda va aybdorni topishga harakat qilishmoqda. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, voqeaga ob-havo sharoiti sabab bo‘lgan. Mutaxassislar 31 mayda kuchli shamol bo‘lishidan ogohlantirishgan, shu munosabat bilan festival tashkilotchilari bundan xabardor bo‘lgan bo‘lishlari kerakligi aytilmoqda.

Yaponiyada bunday voqea ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. 2004 yilda Kanagava prefekturasida olomon ustiga og‘irligi bir tonnani tashkil qiladigan varrak qulab tushgan edi. O‘shanda baxtli tasodif hech kim jarohatlanmagan edi.