Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda «Ma'naviy hayot» jurnali tahririyati tashkil qilinadi
2015 yil 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ma'naviy hayot» jurnali tahririyatini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi muassisligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan «Ma'naviy hayot» jurnalining tahririyati tashkil etiladi.
«Ma'naviy hayot» jurnali tahririyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bilan kelishilgan mavzular rejasiga asosan jurnal uchun materiallar to‘plash, ular asosida ilmiy maqola va taxliliy materiallar tayyorlash, jurnalni har chorakda bir marta nashr etish va tarqatish;
- xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini, milliy g‘oyamizning asosiy tushuncha va tamoyillarini, O‘zbekistonda barpo etilayotgan zamonaviy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining ma'naviy asoslarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish;
- jamiyatimizning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan samarali usul-uslublarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalarni chop etish, milliy urf- odat, an'ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama yoritib borish;
- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish.
«Ma'naviy hayot» jurnali tahririyati bosh muharriri Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari tomonidan tayinlanishi va vazifasidan ozod etilishi belgilab qo‘yildi.
«Ma'naviy hayot» jurnali tahririyati Toshkent shahar, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 42-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi binosiga ijara to‘lovi undirilmasdan joylashtiriladi.
«Ma'naviy hayot» jurnali tahririyatining pul mablag‘lari quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:
- jurnalni sotishdan tushadigan mablag‘lar;
- yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, xorijiy
- davlatlarning grantlari;
- byudjyet mablag‘lari (subsidiya);
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
“Ma'naviy hayot” jurnalining ilk soni 2014 yil fevral oyida nashrdan chiqqandi.