13:00 / 24.04.2024
5449

Xitoydagi suv toshqinlari, AQShning Ukrainaga tasdiqlangan yordami va Malayziyadagi aviahalokat - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan urushiga 200 kun to‘ldi. Bu vaqt ichida kamida 34 ming 100 nafar falastinlik qurbon bo‘lgan. Ularning asosiy qismi yosh bolalar va ayollar ekani ta’kidlab kelinmoqda.

77 mingdan ortiq inson yarador bo‘lgan. Shuningdek, minglab insonlar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi va ularning jasadlari katta ehtimol bilan Isroil zarbalaridan vayronaga aylangan uylarning qoldiqlari ostida yotibdi.

Isroil butun eksklavni vayronalar va bolalar qabristoniga aylantirdi. Ular urushning dastlabki kunlardan boshlab G‘azodagi hayotni ta’minlovchi infratuzilmalarga maqsadli hujumlar uyushtirib kelishmoqda.

Urush boshlanganiga 200 kun to‘lishi munosabati bilan «Al Qassam brigadasi» rasmiy vakili Abu Ubayda chiqish qildi. Uning aytishicha, «Al-Aqso toshqini» operatsiyasidan so‘ng dushman hamon o‘z imijini yaxshilab olishga samarasiz urinib kelmoqda.

«7 oktyabr kuni 1 soat ichida biz hamiyatini toptab tashlagan dushman 200 kun ichida hech narsaga erisha olmadi», — degan u.

Unga ko‘ra, Isroil vaqtdan yutish uchun muzokara jarayonlarida bergan va’dalarining barchasini buzishga harakat qilib kelmoqda.

«Bizning qarshiligimiz 200 kundan buyon bardosh berib kelmoqda. Dushman sharmandalik va mag‘lubiyatdan boshqa hech narsaga erisha olmaydi», degan Abu Ubayda.

Abu Ubayda muzokara jarayonlarida Falastin xalqining fundamental huquqlaridan voz kechmasligini ta’kidlagan. Tuziladigan bitimga ko‘ra, okkupatsion kuchlar G‘azodan to‘liq olib chiqilishi, G‘azo qamaldan xalos bo‘lishi, majburiy ko‘chirilgan insonlar o‘z uylariga qaytarilishi kerak. Aks holda bitim imzolanmaydi.

 

Ukrainaga yordam

AQSh Kongressi senatida Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam berish bo‘yicha butun qonun loyihalari paketi jarayonli ovoz berish bosqichidan o‘tgan. So‘ngra Senat Ukrainaga yordam paketini tasdiqlagan. Uning 1 mlrd dollarlik dastlabki paketi qurol-yarog‘lardan iborat bo‘ladi va darhol jangga tashlanadi.

Shuningdek, Xitoy kompaniyasiga tegishli TikTok ijtimoiy tarmog‘i qarshi sanksiyalar qo‘llash va Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukraina foydasiga berish kabi masalalarga ham ovoz qilingan.

Ammo G‘arb nashrlarida Kongressning quyi palatasi tomonidan ma’qullangan, Ukrainaga 61 mlrd dollarlik harbiy yordam paketi 2024 yilda Ukrainaga Rossiya hujumlarini qaytarish imkonini bermasligi ohangidagi maqolalar chiqmoqda. Bunda bosh savol yangi yordamning yetkazish tezligi va Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning pishib yetilayotgan qarshi hujumini qaytarishga ulardan nechog‘lik foydalana olishiga bog‘liq ekani urg‘ulanmoqda.

Bu orada Stokholm tinchli muammolarini tadqiq etish xalqaro instituti — SIPRI 2023 yilda dunyo mamlakatlarining harbiy xarajatlarini hisoblab chiqqan. Umumiy xarajatlar 2,44 trln dollarni tashkil etgan va 2009 yildan buyon o‘sish 6,8 foizga yetgan. Rossiyaning harbiy xarajatlari 24 foizga o‘sib, 109 mlrd dollarga yetgan. Bu yalpi ichki mahsulotning qarib 6 foizi degani. Ukrainaning xarajatlari esa 51 foizga oshgan va 64,8 mlrd dollarni yoki YaIMning 37 foizini tashkil etgan. Biroq g‘arb davlatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam tufayli xarajatlar Rossiya ko‘rsatkichlariga yaqinlashgan.

 

G‘arb sanksiyalari

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga texnologiyalar va qurol-yarog‘lar yetkazib berganligi uchun xorijiy kompaniyalarga qarshi sanksiyalar qo‘llashni mo‘ljallamoqda.

Yevropa Ittifoqi cheklovlari ostiga tushgan mahsulot va tovarlarni yetkazish bilan o‘nlab kompaniyalar shug‘ullangan, deb yozadi Bloomberg ichki hujjatlarga asoslanib.

Hujjatga ko‘ra, sanksiyalar asosan Rossiya firmalarini qamrab oladi, shuningdek ro‘yxatdan Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Hongkong kompaniyalari o‘rin olgan.

Rossiya firmalari millionlab yevro evaziga sanksiya ostidagi mahsulotlarni savdo taqiqlariga qaramasdan import qilishgan va pirovardida undan «Rossiya harbiylari foydalanishgan». Sanksiya joriy etilishi mumkin bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning bir qismi Rossiya va Belarusdagi fuqarolar va firmalar bilan bog‘liq.

Yetkazilgan uskunalarning aksariyati Yevropada va Amerikada ishlab chiqarilgan.

Xitoy va Hongkongdagi kompaniyalar esa Rossiyaga sun’iy yo‘ldoshdan tasvirlar yetkazish bilan birga, boshqa texnologiyalar ham bergan.

The Wall Street Journal nashri esa AQShda Xitoy banklariga qarshi sanksiyalar ishlab chiqilganini ma’lum qilmoqda. Bu banklar har qanday qo‘sh maqsadli texnologiyalarning Rossiyaga eksport qilinishi uchun xizmat ko‘rsatishgan. Xitoy Rossiyaning mudofaa sanoatini rivojlantirish uchun yordam berayotganini tan olmasdan kelmoqda.

 

Xitoydagi toshqinlar

Xitoy janubida so‘nggi 50 yil ichidagi eng kuchli yomg‘ir va bo‘ronlar kuzatilmoqda. Noqulay ob-havo tufayli tog‘li hududlarda ko‘chkilar sodir bo‘lgan, daryolar qirg‘oqlaridan chiqib, suv sathi kritik darajadan ko‘tarilib ketgan. Toshqinlar 127 mln kishiga ta’sir qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Xitoy janubidagi Guandong provinsiyasiga yopirilgan kuchli yog‘ingarchiliklar rasmiylarni mamlakatning aholi tig‘iz yashaydigan ushbu qismida 110 ming kishini evakuatsiya qilishga majbur qildi.

Xinhua davlat axborot agentligi xabar berishicha, to‘rt kishi halok bo‘lib, yana 10 kishi bedarak yo‘qolgan. Agentlikka ko‘ra, 36 ta uy qulagan, yana 48 tasi jiddiy shikastlangan. Suv toshqinlari yetkazgan jami zarar miqdori ayni vaqtga kelib 140 mln yuandan ziyodroqqa baholanmoqda.

Namoyish etilgan kadrlarda va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yer uchastkalari va ko‘chalar suv ostida qolgani, qutqaruvchilar suv kechib odamlarni xavfsiz joylarga olib o‘tayotgani aks etgan.

Xitoy meteorologiya xizmatlari Guandunda va qo‘shni Futszyan provinsiyasining ayrim tumanlarida kuchli yomg‘irlar davom etishidan ogohlantirgan.

Mamlakatning boshqa qismlarida, jumladan Pekin, Tyanszin va Hebey provinsiyasida ham «o‘rtacha kuchlilikdagi» yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

 

Rossiya maktablaridagi dronlar

Rossiyadagi maktab o‘quvchilariga ommaviy tarzda dronlarni boshqarish o‘rgatiladi.

1 iyuldan boshlab «Milliy pilotsiz aviatsion tizimlarga talabni kuchaytirish» federal loyihasi doirasida Rossiyaning 523 ta maktabi va 30 ta kollejida dronlarni boshqarish bo‘yicha kurslar o‘tila boshlanadi. Bu haqda Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov aytib o‘tgan.

«Loyihada ishtirok etuvchi o‘quv muassasalari mashq dronlari va ta’limni tashkil etish uchun zarur kadrlar bilan ta’minlanadi», — degan Belousov.

Ta’lim muassasalari mashqlar uchun tegishli maydonlarga, shuningdek jihozlangan maxsus sinflarga, kichik va asosiy parvoz zonalariga, ta’mirlash stansiyalari va 3D bosma zonalariga ega bo‘lishi kerak, degan Belousov. Bosh vazir o‘rinbosari Maorif vazirligiga tayyorlangan ta’lim dasturlari va pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish vazifasini ham yuklagan.

Loyiha Rossiyaning 30 ta hududida amalga oshiriladi, o‘ylangan g‘oyani amalga oshirish uchun hukumat 17 mingdan ortiq mashq dronlari sotib oladi.

 

Malayziyadagi aviahalokat

Malayziyada ikkita vertolyotning havoda to‘qnashib ketib, yerga qulashi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi.

Lumut shahrida Qirollik dengiz kuchlarining 90 yilligiga bag‘ishlangan havo harbiy paradiga tayyorgarlik ko‘rish asnosida ikkita vertolyot havoda to‘qnashib ketgan.

Malayziya yong‘in-qutqaruv xizmatining xabariga ko‘ra, har ikki vertolyotda bo‘lgan ekipaj a’zolarining barchasi — 10 harbiy halok bo‘lgan.

Top