O‘zbekiston | 13:44 / 10.06.2015
2410
2 daqiqa o‘qiladi

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi

8 iyun kuni Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi. Mehmonlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur kutib oldi.

Shayx mehmonlarni tashrifi bilan samimiy qutlab, ularni “Hazrati Imom” majmuasi bilan yaqindan tanishtirdi. “Hazrati Imom” masjidi va ustalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng, Iyad Amin Madaniy “Mo‘yi muborak” madrasasi muzeyida saqlanayotgan “Usmon Qur'oni”ni ziyorat qildi. Shuningdek, Qur'oni karim ma'nolarining turli tillardagi tarjimalar bilan tanishtirildi.

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy “Hazrati Imom” majmuasiga qilgan tashrifi davomida olingan ma'lumotlar va taassurotlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.