Jahon | 10:15 / 17.06.2024
4018
5 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya kommyunikesi: Tinchlik barcha tomonlarning ishtirokini talab qiladi

BMT Nizomi, jumladan, barcha davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish tamoyillari Ukrainada tinchlikka erishish uchun asosdir, deyiladi Byurgenshtokdagi xalqaro konferensiya ishtirokchilarining yakuniy bayonotida.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi «katta azob-uqubatlar va vayronagarchiliklarini keltirib chiqarmoqda hamda global oqibatlarga sabab bo‘luvchi xavf va inqirozlarni yuzaga keltirmoqda», ammo tinchlik yo‘lini topish barcha tomonlarning ishtirokini talab qiladi. Bu haqda Shveytsariyada 16 iyun, yakshanba kuni yakunlangan ikki kunlik tinchlik sammiti ishtirokchilarining yakuniy bayonotida aytiladi. 

Tinchlik konferensiyasida ishtirok etayotgan 92 davlatdan 80 tasi bayonotni qo‘llab-quvvatlagani ta’kidlandi. Deklaratsiyaga qo‘shilganlar orasida Ukraina, AQSh, Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari va Yevropa Ittifoqi boshqaruv organlari, shuningdek, Serbiya, Turkiya, Argentina, Isroil, Qatar, Afrika va Lotin Amerikasidagi bir qator davlatlar bor.

Ushbu hujjatga imzo qo‘ymaganlar orasida Saudiya Arabistoni va Hindistonni ko‘rish mumkin.

BMT Nizomiga sodiqlik 

Hujjatning asosiy qoidalari avvalroq Reuters tomonidan e’lon qilingan edi. Keyinchalik uning yakuniy versiyasi Ukraina prezidenti devonining veb-saytida taqdim etildi. 

Imzolovchilar xalqaro huquqqa, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Nizomiga sodiqliklarini bildirdi va uni «to‘liq, adolatli va mustahkam tinchlik» uchun asos deb atadi. 

«Xususan, biz har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga, xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida barcha davlatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi tamoyillariga tahdid qilish yoki kuch ishlatishdan tiyilish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaymiz. Nizolarni xalqaro huquq tamoyillari asosida tinch yo‘l bilan hal qilish kerak», - deyiladi bayonotda.

Yadro xavfsizligi

Keyinchalik uchta jihat sanab o‘tilgan, ular bo‘yicha umumiy tushunchani imzolagan tomonlar ushbu hujjatda mustahkamlab qo‘ydi. Birinchidan, bu yadro xavfsizligi. Hujjatda aytilishicha, «atom energiyasi va yadroviy inshootlardan har qanday foydalanish xavfsiz, ishonchli, himoyalangan va ekologik toza bo‘lishi kerak». «Ukraina atom elektr stansiyalari va inshootlari, jumladan, Zaporijjya atom elektr stansiyasi to‘liq suverenlik ostida xavfsiz va ishonchli ishlashi kerak. Ukraina AEXA tamoyillariga muvofiq uning ustidan nazorat o‘rnatishi lozim. Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush kontekstida yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha har qanday tahdid qabul qilinishi mumkin emas».

Global oziq-ovqat xavfsizligi 

Ikkinchidan, gap global oziq-ovqat xavfsizligi haqida ketyapti. «Global oziq-ovqat xavfsizligi uzluksiz ishlab chiqarish va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga bog‘liq bo‘lib, bu borada erkin, to‘laqonli va xavfsiz tijoriy yuk tashish, shuningdek, Qora va Azov dengizidagi dengiz portlariga kirish muhim ahamiyatga ega. Portlar infratuzilmasi va savdo kemalariga hujumlar qabul qilinishi mumkin emas, - deya ta’kidlanadi kommyunikeda. - Oziq-ovqat xavfsizligi hech qanday holatda qurolga aylanmasligi lozim. Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari manfaatdor uchinchi davlatlarga xavfsiz va to‘siqsiz yetkazib berilishi kerak». 

Asirlarni ozod qilish 

Shveytsariyadagi tinchlik sammiti ishtirokchilarining yakuniy bayonotida ko‘tarilgan uchinchi jihat - asirlarni ozod qilish va Ukrainadan olib ketilgan bolalarni vataniga qaytarish.

«Barcha harbiy asirlar to‘liq almashinuv yo‘li bilan ozod etilishi kerak, deportatsiya qilingan va noqonuniy ko‘chirilgan barcha ukrainalik bolalar, shuningdek, noqonuniy hibsga olingan barcha Ukraina fuqarolari Ukrainaga qaytarilishi kerak», deyiladi hujjatda. 

«Biz tinchlikka erishish uchun barcha tomonlarning ishtiroki va ular o‘rtasidagi muloqot zarur, deb hisoblaymiz, shuning uchun kelgusida barcha tomonlar vakillarini jalb qilgan holda yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rishga qaror qildik», — deyiladi bayonotda.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, jumladan, barcha davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish tamoyillari Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin», - deya xulosa qiladi hujjat mualliflari. 

Mavzuga oid