O‘zbekiston | 14:34 / 20.12.2018
8325
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda zamonaviy Davlat xizmatlari markazi o‘z faoliyatini boshladi

Navoiy shahrida Davlat xizmatlari markazi faoliyat boshladi. Bu yerda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish, tadbirkorlarga boj to‘lovlarini amalga oshirish, fuqarolik biometrik pasportini berish, eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatilishi kutilmoqda.

Foto: Davlat xizmatlari markazi

Bu yerda mobil telefon yoki planshetni quvvatlash imkoni ham yaratildi. Yangi Davlat xizmatlari markazi gadjyetlarni quvvatlash uchun maxsus stansiyalar bilan jihozlangan.  

Foto: Davlat xizmatlari markazi

Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi bilanoq uning tarkibiga kiruvchi Markazlarda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish standartlariga yuqori talablar belgilangan. Shu bois, mazkur Markazlar qisqa fursatda o‘zlarini bir tom ostida eng kerakli davlat xizmatlarini qulay va ortiqcha vaqt va pul sarflamasdan olish mumkin bo‘lgan unikal maydoncha sifatida tanitdi. Navoiy shahar DXM mazkur tamoyilning yaqqol misolidir.

Foto: Davlat xizmatlari markazi
Foto: Davlat xizmatlari markazi

Markaz o‘zining noan'anaviy arxitektura yechimi bilan hayratda qoldiradigan 15 ming metr kvadrat maydonli 4 qavatli yangi binoda joylashgan. Yagona oq-feruza uslubidagi dizayn barcha yangi Markazlarning o‘ziga xos belgisiga aylanyapti. Bundan tashqari, quruvchi va arxitektorlar xalq kiradigan joy ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega bo‘lishi lozimligini inobatga olishgan. Shu bois interer yechimi ham xizmat oluvchilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.

Foto: Davlat xizmatlari markazi

Markazning kirish yo‘lagidagi zamonaviy resepshnda elektron navbat talonini olish, qaysi oynaga murojaat etish kerakligini tushuntirishga hamisha tayyor davlat xizmatlari maslahatchilari sizni tabassum bilan qarshi oladilar. Shu bilan birga, davlat xizmatlarini olish jarayonlari haqidagi videoroliklari bilan tanilgan robot ham tashrif buyuruvchilarga maslahat beradi. 

Zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar davlat xizmatini olish uchun qadam-baqadam yo‘naltiradi. Elektron navbat olish uchun infokiosk ishlab turibdi. Talonni olib kutish zalidagi shinam o‘rindiqlarga joylashish mumkin. Monitorlar orqali esa navbat kelgani haqida xabardor qilib, qaysi qabul oynasiga o‘tish kerakligi ko‘rsatiladi.

Yanada qulaylik yaratish maqsadida bu yerda bolalar o‘yingohi, davlat bojini to‘lash uchun maxsus kassa va boshqalar ishlab turibdi. Tashrif buyuruvchilar bepul WiFi dan foydalanish imkoniga ega.

Foto: Davlat xizmatlari markazi

Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun tegishli aravacha va pandus o‘rnatilgan. Umuman olganda, har bir fuqaroga alohida e'tibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.

Bu yerda 60 ta qabul oynasi orqali yuzdan ortiq eng ommabop davlat xizmatlarini olish mumkin.

Mavzuga oid