Jahon | 22:51 / 17.06.2015
2321
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi Burger King’da qizil burgerlar tayyorlanadi

Yaponiyadagi Burger King tamaddixonalar tarmog‘ida 3 iyuldan boshlab qizil rangdagi burgerlar sotilishi boshlanadi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal nashri.

Yangi buterbrodlar Aka Samurai Chicken va Aka Samurai Beef nomini oldi (birinchisi – tovuq go‘shtidan, ikkinchisi mol go‘shtidan tayyorlangan). Bunday bir dona burgerlar narxi mos ravishda 540 iyen (4,4 dollar) va 690 iyen (5,6 dollar)ni tashkil qiladi.

Burgerda nafaqat bulochkalar, balki pishloq va sous ham qizil rangda bo‘ladi. Bulochka va pishloqqa qizil rang berish uchun ularga tomat kukuni qo‘shiladi, sous esa miso va achchiq qizil garmdoridan tayyorlanadi.

Yaponiyadagi Burger King o‘zining taomlari retsepturasini birinchi marta o‘zgartirmayapti. 2014 yilda mijozlarga qora burger taklif etilgandi (kalmar siyohlari va bambuk qo‘miridan tayyorlangan), 2015 yil mart oyida burgerdagi oddiy kotlet o‘rniga qovurilgan qurbaqa oyog‘i tortiq qilingandi.