Senat qo‘mitalari va mas'ul vazirlik mutasaddilari qatnashgan muhokama avvalida qonunning yangi tahriri nega kerak bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tildi.

Unga ko‘ra, 1998 yilda qabul qilingan amaldagi «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonun mehnat bozorining hozirgi holatiga mos kelmaydi.

U tadbirkorlikni rag‘batlantirish, o‘zini-o‘zi band qilish va ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitishni o‘zida aks ettirmagan. Shuningdek, amaldagi qonun mehnat va bandlik sohasidagi chuqur ildiz otgan muammolarni hal qilolmayapti.

Shulardan kelib chiqib, yangi qonunda bir qator yangiliklarni ko‘rish mumkin. Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev bu yangiliklarni sanab o‘tdi.

«Birinchidan, qonun nomi o‘zgardi. Bunda uning nomi ham, mazmuni ham bugungi kunga moslandi. Biz eskirib qolgan terminlarni yangisiga almashtirdik.

Yangiliklardan yana biri – qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish prinsipi. Chunki amaldagi qonun hajman juda kichkina edi va asosiy masalalar qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinardi. Bu juda noqulay edi, chunki qonunosti hujjatlari vazirlik va idoralar uchungina qabul qilinadi. Qonun degani hamma uchun barobar va ochiq bo‘lishi kerak», – dedi u.

Gadoyevga ko‘ra, «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi yangi qonunda avvalgi qonunda ishlamagan me'yorlar chiqarib tashlangan.

«Yangi qonunda o‘z-o‘zini band qilgan aholini soliq va imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda. Endi o‘zini o‘zi band qilgan aholi onlayn tarzda soliq idoralarini xabardor qilib faoliyatini davom ettiraverishi mumkin. Bu kabi faoliyati turlari hozir 67ta va u yana kengayishi kutilmoqda», – dedi qo‘mita raisi.

Tadbir yakunida Kun.uz’ga intervyu bergan senator Malika Qodirxonova amaldagi va yangi qonundagi asosiy farqlar borasida Gadoyevning ma'lumotlariga qo‘shimcha ravishda quyidagilarni gapirib berdi.

«1998 yilda qabul qilingan «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonun 35 moddadan iborat, yangi qonun esa 129 moddadan. Tabiiyki, yangi qonun ko‘proq masalalarni o‘zida aks ettirgan.