O‘zbekiston | 17:09 / 09.03.2023
34647
2 daqiqa o‘qiladi

Bir kishi ikki muddatdan ortiq ishlashi taqiqlanadigan lavozimlar ro‘yxati tuzildi

Konstitutsiyaning yangi tahriri loyihasida davlat hokimiyatining bir qator lavozimlariga nisbatan ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ushbu lavozimga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligiga oid qoida kiritilmoqda.

Foto: Kun.uz

Bu lavozimlar quyidagilar:

  • Qonunchilik palatasi spikeri;
  • Senat raisi;
  • prezident (amaldagi Konstitutsiyada ham belgilangan);
  • viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashining raisi;
  • hokim;
  • Oliy sudning raisi va rais o‘rinbosari;
  • Sudyalar oliy kengashining raisi va rais o‘rinbosari;
  • Markaziy saylov komissiyasi raisi;
  • bosh prokuror.

“Mana shu yuqorida sanab o‘tilgan lavozimdagi mansabdor shaxslar surunkasiga ikki muddatdan ortiq aynan bir lavozimga qo‘yilmaydi”, – dedi deputat Jahongir Shirinov.

“Konstitutsiyamizga kiritilayotgan taklifga muvofiq, endilikda qonunlarimizda saylash huquqi cheklangan shaxslar ro‘yxati bo‘lmaydi. Faqatgina sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Ya’ni yuqorida sanab o‘tilgan shaxslar, ularning saylash huquqi sudning qarori bilan cheklangan bo‘lsagina ular saylovda ishtirok eta olishmaydi, boshqa har qanday vaqtda ular ham saylash huquqiga ega bo‘ladi.

Davlat ramzlari – millat timsoli ekanligidan kelib chiqib, ularga nisbatan hurmat tuyg‘usini kuchaytirish va ularni himoya qilish maqsadida “davlat ramzlari davlat himoyasidadir” degan konstitutsiyaviy norma o‘rnatilmoqda.

Bundan tashqari, milliy valutamizga bag‘ishlangan yangi modda kiritilib, unda O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘m ekanligi, so‘m mamlakatning butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy to‘lov vositasi ekani ko‘rsatilmoqda”, – dedi deputat.

Mavzuga oid