1 fevraldan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2022 yil 1 fevraldan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari ham biriktiriladi
“Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan 2022 yil 1 fevraldan:
- viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritiladi;
- Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi
Prezidentning baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha prezident qaroriga muvofiq 2022 yil 1 fevraldan:
- jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi;
- 2025 yil 1 yanvarga qadar ayrim soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi.
Baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida belgilanadi.
S1 yoki unga teng darajadagi sertifikatga ega rus tili o‘qituvchilariga ustama to‘lanadi
S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab ikki yil davomida ustama to‘lanadi.
Bundan tashqari, Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:
- ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida faoliyatini amalga oshirganida ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno).
26ta tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi
Korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan ayrim davlat tashkilotlari faoliyatiga eksperiment tariqasida 1 fevraldan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.
2022 yil 1 iyuldan boshlab tizim barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.
Masofadan amalga oshirilgan savdo bo‘yicha elektron cheklarda fiskal belgilar aks ettiriladi
To‘lov tashkiloti, tijorat banklarining elektron to‘lov xizmatlari (shu jumladan mobil ilovalar orqali), shuningdek, elektron tijorat platformalari — «Marketpleys»larning axborot tizimlari yordamida masofadan turib amalga oshirilgan savdo va pullik xizmatlar bo‘yicha tranzaksiyalarning («P2P», kredit to‘lovlari bundan mustasno) elektron cheklarida soliq organlari axborotlar tizimlariga integratsiyalashgan va avtomatik tarzda shakllanuvchi fiskal belgilarni majburiy aks ettirish talabi o‘rnatiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi
Prezident qaroriga binoan:
- barcha hududlardagi kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha har chorakda qisqa muddatli kurslar;
- «Ishga marhamat» monomarkazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etilgan va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, xorijiy til, kompyuter savodxonligi va kompyuterda dasturlash asoslari bo‘yicha doimiy ravishda o‘quv kurslari tashkil etiladi.
O‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda xorijiy grant va kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.
Mahalliy farmatsevtika kompaniyalarining mahsulotlarini xorijda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari qoplab beriladi
Mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi.
«Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalarga oid ma’lumotlarni «Elektron hukumat» tizimi orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi
Hukumat qaroriga binoan «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga oid ma’lumotlarni «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga budjetdan har oylik qo‘shimcha transfertlar ajratiladi
Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining asosiy moliyaviy manbai hisoblangan turistik yig‘im (mehmonxona yig‘imi)ni hisoblash va to‘lash 2021 yil 1 sentyabrdan to‘xtatilgani sababli Moliya vazirligi 2023 yil 1 yanvarga qadar Davlat budjetidan Jamg‘armaga har oyda 2,5 mlrd so‘m miqdoridagi qo‘shimcha transfertlar ajratadi.
Mavzuga oid
16:14 / 27.11.2024
Migrantlar uchun imkoniyat, ishga tushayotgan ijtimoiy kartalar va «Majburiyatlar reyestri» – 1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
13:59 / 29.10.2024
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur, zargarlik buyumlari importida yengillik va chiqindi qarzdorligi uchun “jazo” – 1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:36 / 28.09.2024
Oshirilayotgan ish haqi, davlat xaridlaridagi shaffoflik va ovchilar uchun yangi tartib – 1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:09 / 26.08.2024