Toshkent viloyatida besh gektar yerni 1 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
Toshkent viloyati Parkent tumanida akasining bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga tegishli 5 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaroga 1 million AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
«O‘zbekiston 24» telekanalida ma'lum qilinishicha, buning uchun u avval mazkur yer maydonini fermer xo‘jaligi ixtiyoridan chiqarib, tuman hokimligi zaxirasiga qaytarishni, so‘ngra esa hokimlikdagi tanishlari orqali xaridor fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishni rejalashtirgan.
DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida firibgar shaxs so‘ralgan puldan 100 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, unga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani «Novobod» MFY hududidan 5 gektar yer maydonini 300 ming AQSh dollariga sotishlarini aytishadi va undan so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida ma'lum bo‘lishicha, ular 2019 yil Bo‘stonliq tumani hokimi qarori bilan mahalliy MChJlardan biriga dam olish maskani qurish maqsadida ajratib berilgan mazkur yer maydonini sotish huquqi mavjud emasligini bilgan holda noqonuniy ishga qo‘l urishgan.