Jahon | 19:52 / 20.06.2021
25993
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Braziliyada 500 ming o‘lim va «Gamma», Moskvada rekordlar, butun dunyoda «Delta»

​​​​​​​Braziliyada Covid-19 tufayli vafot etganlarning jami soni 500 ming kishilik nuqtadan o‘tdi, ekspertlar vaksinalar yetishmovchiligi tufayli vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bu vaqtga kelib Xitoyda emlanganlar soni milliarddan oshdi, Rossiya regionlarida esa majburiy vaksinatsiya joriy etilmoqda.

Braziliyadagi Fiocruz sog‘liqni saqlash instituti mamlakatda tang holat yuzaga kelganini ma'lum qildi. Aholini emlash ko‘rsatkichi 15 foizdan oshmagan, shu bilan birga, butun mamlakat bo‘ylab kovidga qarshi choralar yengillashtirilgan.

Muxolifat prezident Jair Bolsonaruni siyosiy sabablar tufayli vaksina sotib olish jarayonini sekinlashtirayotganlikda va koronavirus solayotgan xavfga e'tiborsizlik bilan qarayotganlikda ayblamoqda.

Braziliyada epidemiologik vaziyat yomonlashishi Covid-19’ning nisbatan oson yuquvchi shtammi tarqalgani bilan bog‘liq, dastlab Amazoniyada qayd etilgan bu shtammga «Gamma» nomi berilgan: o‘tgan haftada mamlakatda kuniga o‘rtacha 70 ming kishi shu variantga chalingani ma'lum bo‘lgan.

Braziliyaning ko‘plab shtatlaridagi shifoxonalarda mavjud o‘rinlarning 80 foizi band qilingan, ekspertlar sovuq kunlar kelishi bilan janubiy yarimshardagi hududlarda kasallanish keskin o‘sishidan xavotir bildirishmoqda.

Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri Marselu Keyroga tvitterdagi sahifasida koronavirus qurboni bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Bizning Braziliya va butun dunyoga zarba bergan pandemiya 500 ming kishini hayotdan olib ketdi. Men barcha braziliyaliklar qisqa muddatda emlab bo‘linishi va bir yildan ortiq vaqtdan buyon barchamizni qiynab kelayotgan bu ssenariyni o‘zgartirish uchun tinim bilmay ishlayman», deya yozgan u.

Bugungi kunda Braziliya Covid-19 tufayli vafot etganlar soni bo‘yicha jahon reytingida AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda joylashgan. Mart oyidan buyon mamlakatda har kuni o‘rtacha 1,5 mingdan ortiq kishi vafot etmoqda. Braziliyaning sog‘liqni saqlash bo‘yicha milliy nazorat agentligi (Anvisa) sobiq direktori Gonsalu Vesinaning so‘zlariga ko‘ra, vaksinatsiya jarayoni sekin ketayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

«Bizda o‘limlar soni 500 mingga yetdi, afsuski, bu raqam o‘sishda davom etadi, chunki aholini emlashni kengaytirish uchun hali ko‘p vaqt kerak. Ehtimol, bu yil ham juda og‘ir kechar, chunki biz sotib olishga juda kech harakat qilingani tufayli vaksinalar yetkazib berilishini kutishga majburmiz», degan u.

Shanba kuni Braziliyada Bolsonaru hukumatiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilari aholini emlash dasturini tezlashtirishni ham talab qilishgan.

Xitoy milliarddan ortiq vaksina qo‘llandi
XXR sog‘liq masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Xitoyda 1 milliard 10 million doza koronavirusga qarshi emlangan. Shu bilan birga, qancha odam birinchi dozani, qancha odam ikki doza qabul qilganiga aniqlik kiritilmagan.

Xitoy vaksina ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi rahbari Fen Dotszya avvalroq Xitoy yil oxirigacha aholining 70 foizini to‘liq emlab bo‘lishni rejalashtirgani haqida gapirgandi.

Bugungi kunda Xitoyda ommaviy qo‘llash uchun to‘rt vaksinaga ruxsat berilgan. Mamlakatda vaksinatsiya tekin va ko‘ngilli asosda o‘tkazilmoqda.

Rossiyada fevraldan buyon eng yuqori ko‘rsatkichlar
Rossiyada 18 iyun kuni 17,9 ming kishida virus aniqlandi - bunday ko‘rsatkich so‘nggi bor fevral oyida qayd etilgandi. Moskvada esa pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlar kuzatildi - poytaxtda bir kunda 9,1 ming yangi holat aniqlandi. 19 iyun kuni esa ko‘rsatkichlar mos ravishda 17,6 ming va 8,3 mingtani tashkil etgan.

RF hududida so‘nggi ikki kunda 466 va 450 o‘lim qayd etilgan. 

Epidemik vaziyat og‘irligi bo‘yicha Moskvadan keyin kuniga mingdan ortiq holatlar aniqlanayotgan Moskva oblasti va Sankt-Peterburg joylashgan.

Moskva ortidan Rossiyaning boshqa regionlari ham kovidga qarshi yangi choralar joriy etib, aholini emlash jarayonini tezlashtirmoqda. Shanba kuni Sankt-Peterburg administratsiyasi 15 avgustga qadar davlat xizmatchilari, shuningdek, davlat korxonalaridagi xodimlarning 65 foizini emlash bo‘yicha farmoyish chiqardi.

Shahardagi oliy ta'lim muassasalariga talabalar orasida «emlanishni rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish» tavsiya etilgan.

Yakshanba kuni Nenetsk avtonom okrugida kunlik kasallanish holatlari ortishi fonida aholining ma'lum toifalariga mansub bo‘lganlarning 60 foizini majburiy emlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi, xususan, transport va energetika sohasidagi tashkilotlar xodimlari, huquq-tartibot organlari, qo‘riqchilar, ko‘ngillilar, harbiy xizmatchilar, xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari, hamda 18 yoshdan katta talabalarning kamida uchdan ikki qismi emlangan bo‘lishi kerak. Regionda ko‘ngilochar muassasalar hamda madaniy maskanlarning ish faoliyati yoz oxirigacha cheklangan.

Nenetsk rasmiylar aholining bir qismini majburiy emlashni joriy etgan Rossiyadagi sakkizinchi region bo‘ldi.

Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Anton Kotyakov qaysidir hududda alohida toifadagi xodimlarni majburan emlash to‘g‘risida sanitar vrach farmoni chiqarilgan bo‘lsa, emlangan xodimlar ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqida gapirdi. «Agar epidemiologik vaziyat tufayli majburiy vaksinatsiya bo‘yicha qaror chiqarilgan bo‘lsa, hujjatda ko‘rsatilgan tegishli xodimlar uchun emlanish majburiy bo‘ladi», degan u.

«Hindcha» shtamm butun dunyoda ustunlikka erishmoqda
Koronavirusning birinchi marta Hindistonda aniqlangan delta varianti butun dunyoda ustunlikka erishmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan ma'lum qilgan. «Ushbu variant odamdan odamga osonroq yuqishi tufayli butun dunyoda ustunlikka ega bo‘lmoqda», degan u.

Delta-variant Buyuk Britaniyada hukmronlik qiluvchi «britancha» shtamm (alfa-variant) ortidan 2020 yil oktyabrida Hindistonning Nagpur shahrida aniqlangan va tez orada butun dunyoga tarqalishni boshlagan «hindcha» shtammdir. Virusning ushbu turi dunyoning 80dan ortiq davlatida aniqlanib, tarqalib borgani sari ko‘proq mutatsiyaga uchramoqda.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirusning delta varianti alfa-shtammdan 60 foizga faolroq bo‘lib chiqqan. U, shuningdek, og‘irroq simptomlar chaqiradi, ammo bu xulosalar tasdiqlanishi uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak.

Moskva meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya poytaxtida aniqlanayotgan holatlarning 90 foizida bemorlar aynan «delta» bilan shikastlangan. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova esa «delta» shtammiga chalinish yopiq muassasalarda 60 foiz, ochiq joylarda 40 foizlik ko‘rsatkich qayd etmoqda.

Tokioda Olimpiadaga tayyorgarlik davom etmoqda, atletlardan birida kasallik chiqdi

Tokiodagi Yozgi Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari tashkilotchilari jurnalistlarga Tokio ko‘rfazida joylashgan Harumi oroliga qurilgan olimpiya qishlog‘ini tanishtirishdi. 44 gektarlik maydonda vaqtinchalik tibbiy markaz ham tashkil etilgan, bu yerda koronavirusni aniqlash uchun PsR-testlari o‘tkaziladi, shuningdek, alohida karantin xonalari mavjud.

Tashkilotchilar ochilish marosimida ishtirok etuvchilar sonini 20 minggacha oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishmoqda.

«Kiodo» agentligi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarini taqdim etdi, unga ko‘ra, yaponiyaliklarning 86 foizga yaqini Tokio Olimpiadasi baribir o‘tkaziladigan bo‘lsa, uchinchi to‘lqin yuzaga kelishidan xavotirda ekanini ma'lum qilgan, 50 foizdan ortiq respondent esa hukumat Yaponiyaning to‘qqiz prefekturasida joriy etilgan favqulodda holat rejimini barvaqt bekor qilgan deb hisoblaydi.

Olimpiadaga yo‘llanma olgan sportchilar o‘rtasida ilk kasallanish holati qayd etildi. NHK telekanali xabar qilishicha, Uganda milliy olimpiya termasidagi atletlardan biri, shu kunlarda Tokiodagi Narita aeroportiga kelgan sportchi topshirgan test musbat natija bergan, holbuki jamoadagi barcha sportchilar emlangan edi.

Mavzuga oid