Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kemalar “so‘yiladigan” qabriston – Hindistondagi “o‘liklar qirg‘og‘i” qanday paydo bo‘lgandi?
Hindistonning janubiy-g‘arbida Alang nomli shaharcha bor. Bu shaharcha eski kemalarni buzib oladigan joyi bilan mashhur. Hind okeani sohillari bo‘ylab 50 kilometrga cho‘zilgan hududda ko‘plab platformalar bor. Ularda yil davomida 30-40 ming odam kema bo‘laklash bilan band bo‘ladi. Bu yerda yirik kemalargacha qo‘lda bo‘laklanadi va bu uchun 300-400 odam bir oy ishlaydi.
Bugun insoniyat barcha sohalarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish yo‘lidan bormoqda. Hatto ayrim sohalarda keskin raqobat tufayli ehtiyoj ham hisobga olinmayapti va talab hamda taklifdagidan ko‘proq narsa ishlab chiqarilyapti.
Sanoat rivojlanib borayotgani yaxshi, biroq muddati o‘tib bo‘lgan mahsulotlarning, turli texnikalarning, plastik buyumlarning utilizatsiya qilinishi masalasi kundan kun dolzarb muammoga aylanib bormoqda.
Oqibatda, plastik chiqindilar, avtomobillar shinalarini qayta ishlash sustligi tufayli atrof-muhit ifloslanyapti. Qayta eritilmagan turli eski temir buyumlar va transportlar esa zanglab, chirib ketmoqda.
Umumiy manzaraga qaralsa, boy davlatlar hech narsani qayta ishlamoqchi yoki utilizatsiya qilmoqchi emasday tuyuladi. Aslida ham shunday. Shu sababli G‘arb davlatlaridan chiqayotgan turli chiqindilar o‘rtahol yoki kambag‘al davlatlarga olib kelinib, qayta ishlanmoqda yoki utilizatsiya qilinmoqda.
Masalan, Turkiya Yevropaning bir nechta davlatlaridan chiqayotgan plastik chiqindilarni qayta ishlovchi mamlakat hisoblanadi. Eski temir buyumlar, avtomobillar va kemalar esa asosan Hindiston, Pokiston va Bangladeshda qayta ishlanadi.
Ayniqsa, Hindistondagi Alang shaharchasi hozirgi kunda turli hajmdagi eski kemalarni utilizatsiya qiluvchi yirik markazga aylanib bo‘ldi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida yuzlab kemalar bo‘laklarga bo‘linayotgan bo‘ladi.
Metall kemalar va ularning utilizatsiya tarixi
Dengiz va daryolar bor ekan, insoniyat kemalardan qachondan foydalana boshlagani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ular taxminan 5 ming yil ilgari paydo bo‘lgani aytiladi.
Biroq Islom, nasroniy va yahudiy ta’limotida Nuh alayhissalom yasagan kema haqida ma’lumot bor. Muqaddas kitoblarda o‘shanda dunyoni suv bosganda insoniyat va jonzotlar shu kemada jon saqlab qolgani haqida yozilgan.
Kemalar yaqingacha yog‘ochdan qurilgan. Hatto Kolumb Hindiston deb Karib havzasiga borib qolgan yoki Vasko da Gama Afrika janubini aylanib o‘tib Hindistonga yetib borgan, Ferdinand Magellan va uning jamoasi dunyo bo‘ylab aylanib chiqqan kemalarning barchasi yog‘ochdan yasalgan edi.
Kemalarni metalldan yasash 19-asrga kelib boshlandi. Ungacha ilk bor metalldan 1787 yilda Jon Uilkinson degan shaxs qayiq yasagan va Angliya g‘arbidagi Shropshir grafligida joylashgan Severn daryosida suzgan.
1819 yilda metalldan ilk kema quriladi. “Vulkan” deb nomlangan bu kema Shotlandiyada yasalgandi va undan otlarni tashuvchi barja sifatida foydalanishadi.
1822 yilda Britaniyada “Aaron Menbi” kemasi quriladi. Bu kema La-Mansh bo‘g‘ozini birinchi suzib o‘tgan kema sifatida tarixda qolgan. Kemaning uzunligi 32 metr bo‘lgan.
Dunyo bo‘ylab suzgan metalldan yasalgan birinchi yirik kema 1839 yilda Ost-Indiya kompaniyasi tomonidan qurilgan bo‘lib, uning uzunligi 56 metr bo‘lgan. Shundan so‘ng barcha kemalar metalldan qurila boshlanadi.
Metalldan yasalgan kemalarning yaroqlilik muddati o‘rtacha 25-30 yil. Shundan so‘ng ular utilizatsiya qilinishi kerak. Shu tariqa, 19-asrning ikkinchi yarmida metall kemalarni utilizatsiya qilish boshlandi.
1880 yilda Shotlandiyaning Damarton shahrida aka-uka Dennilar tomonidan metall kemalar utilizatsiya qilinadigan ilk korxona ochiladi. Bu yerda eski kemalardan kesib olingan metall bo‘laklaridan yangi kemalar yasalardi.
Kemalarni utilizatsiya qiladigan korxona Italiyada 1892 yilda, Yaponiyada 1896 yilda tashkil etilgan. Birinchi jahon urushi paytida va undan keyin utilizatsiya qilinadigan kemalar ko‘payadi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin vaziyat biroz o‘zgaradi. 1950-1960 yillardan boshlab Yevropa davlatlari, Yaponiya iqtisodiy rivojlanadi va kemalarni utilizatsiya qilmay qo‘yadi.
Bunga birinchi sabab kemalarni bo‘laklash katta xarajat talab qilsa, ikkinchisi ular turli sohalarda foydalanishda eski metalldan ko‘ra yangi metallni afzal ko‘rishdi.
O‘sha paytlardan boshlab eski kemalar ishchi kuchi juda arzon bo‘lgan Hindiston, Pokiston va Bangladeshga keltirilib, shu mamlakatlarda bo‘laklana boshlanadi.
Bugungi kunda kemalarni bo‘laklab olish bo‘yicha Bangladeshdagi Chittagong, Pokistondagi Gadani, Hindistondagi Alang shaharlari mashhur.
Ularning har birida bir yilda 500 ga yaqin yirik, 1000 dan oshiq o‘rtacha yirik va kichik kemalar utilizatsiya qilinib, bo‘laklab olinadi. Ayniqsa, dengiz sohilida 50 km masofaga cho‘zilib ketgan Alangdagi kemalar qabristonida eng yirik kemalar “so‘yiladi”.
Alang – kemalar qabristoni
Alang shaharchasi Hindistonning janubiy-g‘arbida, Gujorat shtatining Bxavnagar okrugida joylashgan. Shaharcha chetini Hind okeani suvlari yuvib turadi.
Alang joylashgan hududda Atlantika okeanining qumli sohillari bor. Odatda bunday joylarda asosan plyajlar va dam olish maskanlari barpo etiladi.
Biroq Alangda bunday bo‘lmagan. Shaharcha chetida ellik kilometrdan oshiq hududda kemalar qabristoni joylashgan va u yerda asosan eski kemalar maydalanib, bo‘laklarga ajratiladi.
Alangda kemalarni “so‘yish” 1980-yillar boshida boshlangan. Bu yerga utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan ilk kema “Kota Tenjong” 1983 yil 13 fevral kuni keltirilgan.
O‘shandan buyon oradan 40 yil o‘tdi va endilikda Alang dunyodagi eski kemalarni bo‘laklaydigan eng yirik markazga aylandi.

Alang shaharchasining bunday darajaga chiqishida uning qulay hududda joylashgani, sohillarda noqulay ob-havo va to‘fonlar kuzatilmasligi sabab bo‘lgan.
Bir qaraganda Alangdagi “O‘liklar sohili”da barcha narsa, kema bo‘laklari tartibsiz sochilib yotganga o‘xshaydi. Aslida ham shunday. Biroq bu yerda boshqa tartib ham bor. Unga ko‘ra har bir kompaniya bitta kemani bo‘laklashni boshlagach, ishni oxiriga yetkazmasdan ikkinchi kemaga qo‘l urmaydi.
Qachonki bo‘laklarga ajratilayotgan kemaning so‘nggi temir parchasi, gayka va boltlari yig‘ishtirib olingach, boshqa kemani maydalay boshlashadi. Bu yozilmagan qoida sifatida urfga aylangan va barcha birday amal qiladi.
Biroq shunday bo‘lsa ham bu yerni toza deb bo‘lmaydi. Atrof bo‘laklanayotgan kemalardan chiqayotgan turli chiqindilar bilan to‘lib ketgan.
Ish kemani qirg‘oqqa sudrab chiqishdan boshlanadi. So‘ng bir paytning o‘zida yirikroq kemaga yuzlab odamlar chiqadi va ish boshlaydi. Ularning bir qismi kema metallarini kesishni boshlaydi. Boshqalari boltlarni bo‘shatadi. Qolganlar esa metall bo‘laklarni turli maxsus transportlar bilan bir chetga taxlay boshlashadi.

O‘ta yirik kemalarni esa qirg‘oqqa chiqarishning iloji bo‘lmaydi. Ularni sohil tomonga tagi qumloq yerga tekkuncha tortishadi, so‘ng “so‘yish”ni boshlashadi. Bunday kemalarda bir vaqtning o‘zida 300-400 nafargacha odam ishlaydi.
Kemalardan sotish mumkin bo‘lgan barcha narsa, metall, yog‘och, plastmassa bo‘laklari hamda boshqa buyumlar ajratib olinadi va alohida taxlanadi. Sotishning iloji bo‘lmaydigan narsalar chiqindiga tashlab yuboriladi.
Alangda 50 kilometrdan oshiq hududda 400 dan ortiq platforma bor. Bu platformalarda kemalar va ulardan olingan yirik metall bo‘laklari yanada maydaroq bo‘laklarga bo‘linadi.
Alangdagi platformalarda bir vaqtning o‘zida 30-40 ming nafargacha odam ishlaydi. Yirik kemani to‘liq bo‘laklash uchun 300-400 kishi kamida bir oy mehnat qiladi.
Bengallar va pokistonliklar bilan raqobat
Azaldan Alang shahridagi kema bo‘laklovchilarga Pokiston va Bangladeshdagi kompaniyalar keskin raqobat qilib keladi. So‘nggi yillarda Hindiston va Gujorat shtati hukumatlari ekologiya, mehnat sharoiti bo‘yicha turli talablarni kuchaytiryapti.
Natijada ekologik nazorat sust, buning ustiga maosh ham Hindistondagidan oz bo‘lgan Bangladesh ayrim hollarda o‘zaro raqobatda yutib ketyapti.
Agar katta va kichik barcha kemalar inobatga olinsa, Alangda har yili 1400-1500 dona turli kemalar utilizatsiya qilinib, bo‘laklanadi. Keyingi yillarda ko‘rsatkichlar yana oshdi.
Alangda barcha ish qo‘lda bajariladi. Bu yerda kemalarning qalin metallari oddiy payvandlash va kesish uskunalarida bo‘laklarga ajratiladi. Bu atrof-muhit va ishchilar sog‘ligi uchun zararli.
Qolaversa, kemalarga ishlatilgan zararli materiallar, temir zangi, kemalardagi yoqilg‘i qoldiqlari ishchilar bilan birga atrof-muhitga juda katta ziyon keltirmoqda.

Shu sababli nafaqat ishchilarning ish va yashash sharoiti, shuningdek, kemalar qabristonining o‘zi ham ekologlar va boshqa tashkilotlar tomonidan doimiy tanqid qilinadi. Biroq hozircha tanqidlar natija bermayapti.
Ayrim hollarda istisno va mojaroli holatlar ham bo‘lib turadi. Masalan, 2006 yilda Alangga Fransiyaga tegishli “Klemenso” aviatashuvchisi keltiriladi. Biroq uni sohilga chiqarishga ulgurishmaydi.
Hindiston hukumati aviatashuvchida zararli moddalar ko‘p ishlatilgan deb topadi va uni Alangda bo‘laklashga ruxsat bermaydi. Kemani sotib olgan hind kompaniyasi bir muddat hukumat bilan sudlashadi.
Oxir-oqibat, hukumat yon bermaydi va mamlakat oliy sudi uzil-kesil “Klemenso”ni Hindistonga tegishli hududlarda bo‘laklashni taqiqlaydi.
Shundan so‘ng hind kompaniyasi kemani sotuvga qo‘yadi. “Klemenso”ni Britaniyadagi bir kompaniya sotib oladi va bo‘laklash uchun Angliyaga olib ketadi.
Ma’lumot uchun, 2010 yilda Alangda dunyodagi eng yirik tanker “Knock Nevis” bo‘laklarga bo‘lingandi.
Og‘ir mehnat sharoiti va qurbonlar
Ishchilar Alangdagi platforma yaqinida juda og‘ir sharoitlarda yashashadi. Bu yerda toza ichimlik suvi va elektr energiya muammosi bor. Tibbiy xizmat yo‘q. Lekin ishchilar ko‘proq juda og‘ir mehnatdan jabrlanishadi.
Og‘ir mehnat sharoiti va texnika xavfsizligiga amal qilinmasligi tufayli Alangda har yili ko‘plab ishchilar halok bo‘ladi. Tananing turli qismlaridan, ayniqsa qo‘l va oyoqdan olinadigan doimiy jarohatlar oxir-oqibat ayrimlarni ishga yaroqsiz holga tushiradi. Shunda ham ular Alang atrofidagi kulbalarda yashashda davom etishadi.
Gujorat shtati dengiz ma’muriyatining ma’lumotiga ko‘ra 1982 yildan 2022 yilgacha Alangda qariyb 500 kishi halok bo‘lgan. Yana ko‘plab insonlar turli darajada tan jarohatlari olishgan. Ularning aksariyati nogiron bo‘lib qolgan.
Biroq mahalliy inson huquqlari himoyachilari va xalqaro tashkilotlar qurbonlar soni ko‘p bo‘lishini, Gujorat shtati kemalar utilizatsiyasi ortidan kelib turgan yaxshi foydadan quruq qolmaslik maqsadida ishchilarning o‘limini yashirishini aytishadi.
Masalan, Greenpeace xalqaro ekologiya va Human Righs inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilot hisobotlariga ko‘ra Alangda har yili og‘ir mehnat sharoiti va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmaslik ortidan 50-60 kishi halok bo‘ladi.
Ayrim xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, qurbonlar va tan jarohatlarini olganlar sonining kamaytirib ko‘rsatilishidan, avvalo, u yerda ishlovchi oddiy ishchilarning o‘zi manfaatdor.
Chunki qurbonlar soni boricha ko‘rsatilsa, markaziy hukumat Alangdagi platformalarning egalaridan ishlash uchun yaxshi sharoit yaratishni talab qiladi. Hatto ularni yopib qo‘yishi ehtimoli ham bor.
Agar Alangdagi platformalarning bir qismi yopiladigan bo‘lsa, o‘zi shundoq ham Hindistonda ish topish qiyin bo‘lgan sharoitda 10 minglab odamlar o‘z ishidan, hatto platforma yaqinidagi boshpanasidan ham ayrilishi mumkin.
Agar platformalar yopilsa Alangda yashashdan ma’no qolmaydi va ishchilar ish axtarib boshqa joyga ko‘chish kerak bo‘ladi. Shu sababli kimdir ish jarayonida o‘lsa ishchilar uning o‘limi tabiiy yuz bergani haqidagi hujjatlarga qo‘l qo‘yib berishga majbur bo‘lishadi.
Alangda ish juda og‘ir bo‘lgani bilan mehnatga haq to‘lash juda past. U yerda ishchilarga bajarayotgan ishining og‘ir yoki yengilligiga qarab 1 dollardan 3 dollargacha kunlik ish haqi to‘lashadi.
Ishchilar shu pulga ko‘nib ishlashga majbur. Chunki boshqa joylarda ham ularni bundan ko‘p haq to‘lanadigan ish kutayotgani yo‘q.

Yaponiya bilan hamkorlik
Bundan bir necha yil avval Gujorat shtati Yaponiya hukumati bilan Alangdagi kema bo‘laklash platformalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Unga ko‘ra, Alangda dengiz sohili bo‘ylab cho‘zilib ketgan platformalarga yangi uskunalar keltiriladi. Ular yordamida kemalarni bo‘laklashda inson omili kamaytiriladi.
Yaponlar texnika xavfsizligi, ekologiya muammolarini hal etish, sotib bo‘lmaydigan chiqindilarni utilizatsiya qilish va boshqa bir qator masalalarda yordam beradi. Natijada Alangdagi kompaniyalar xalqaro standartlar bo‘yicha ishlay boshlaydi.

Bitimga ko‘ra Alang Xalqaro dengiz tashkiloti talablariga javob beradigan, kemalarni utilizatsiya qilish bo‘yicha dunyodagi eng yirik loyihaga aylanadi.
Gujorat shtati hukumati shu yo‘l bilan Alangning so‘nggi yillarda boy berilayotgan mavqeini tiklamoqchi. Chunki kemalarni utilizatsiya qilishdan shtat g‘aznasiga ham har yili juda katta miqdorda mablag‘ kelib tushadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
20:47 / 20.01.2026
Hindistonda fil 10 kun ichida 22 kishini o‘ldirdi
14:02 / 14.01.2026
Hindistonda yovvoyi fil 22 kishini o‘ldirdi. U hamon qidirilmoqda
23:10 / 07.01.2026
«Telsartan H» dori vositasining ayrim partiyasi muomaladan qaytarib olinadi
13:02 / 06.01.2026