Jahon | 13:09 / 28.11.2022
49219
9 daqiqa o‘qiladi

Yaponlar nega hamma joyni tozalab yurishadi?

Sport musobaqalaridan keyin yaponiyaliklar tribunalarni tozalab, chiqindilarni olib ketishgani, futbolchilar, sportchilar esa kiyim almashtirish xonasini yig‘ishtirib, mezbonlarga minnatdorchilik xatini qoldirishgani holatlari tez-tez uchrab turadi. Nega shunday?

Foto: Getty Images

Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati ham istisno bo‘lmadi. Yaponiyalik muxlislar Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng tribunani tozalab, chiqindilarni yig‘ishtirib ketishdi. «Biz yaponmiz, shuning uchun chiqindi qoldirmaymiz. Biz bu joyni hurmat qilamiz», dedi muxlislardan biri.

Bunday misollar tez tarqaladi va dunyoni hayratda qoldiradi, garchi yaponlar uchun atrofni tozalash va saranjomlik g‘ayrioddiy hodisa bo‘lmasa-da. Ular atrof-muhit ozodaligini juda hurmat qilishadi.

Ozodalik madaniyati yaponlar ongiga singib ketgan

Yapon dunyoqarashida muhim o‘rinni poklanish egallaydi: ozodalik yaxshi, ifloslik – yomon. Poklikka qarama-qarshi tomonda «kegare» turadi – u o‘lim, kasallik va hayotning boshqa noxush hodisalarini o‘z ichiga oladi. Ularning oldini olish uchun yaponlar ruhiy va jismoniy poklanishni muhim deb hisoblashadi.

The New Yorker nashrining yozishicha, tozalash va ozodalik madaniyati «Engishiki» kitobi bilan bog‘liq. U 927 yilda yozilgan bo‘lib, Yaponiya imperatori farmonlari va qonunchilik kodeksidan iborat. Kitobda Kiotodagi imperator saroyini har yili tozalash majburiyati ta’kidlangan, bu marosim diniy ma’noga ega: yangi yildan oldin yovuz ruhlar va omadsizliklar shu tarzda haydalgan. XIII asrdan boshlab, bu odat ibodatxonalar va ziyoratgohlarga ham joriy qilindi. Shundan so‘ng, aholi orasida ham tarqaldi.

Yaponiya madaniyatida jamiyat uyg‘unligiga katta e’tibor beriladi. Bu milliy xususiyatdir. Atrof-muhitni toza saqlash tana va ruhni toza saqlashga tenglashtiriladi.

Yaponlar kichikligidan toza yurishga odatlangan, ota-onalar esa bog‘chalardan bolalarining iflos tagliklarni olib ketishadi

Tozalash – maktabdagi o‘quv jarayonining bir qismidir. Bolalar bu bilan olti-yetti yoshdan, birinchi sinfga borganidan boshlab shug‘ullanadi. Sinfni tozalash ular tomonidan jazo sifatida qabul qilinmaydi, balki o‘yin formatini oladi va odatga aylanadi. Bu odat uyda ham tozalik va tartibni saqlashni talab qiladigan ota-onalarning ta’siri bilan mustahkamlanadi. Shu tariqa, bola yapon jamiyatiga integratsiyalashib, o‘zida mas’uliyat va o‘zaro yordam tuyg‘usini rivojlantiradi.

Tozalash bolalarga butun maktab davrida hamroh bo‘ladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga yuqori sinf o‘quvchilari yordam bersa, hojatxonalarni tozalash, ta’mirlash ishlari mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Tozalash uchun uyda bo‘lgani kabi changyutgich emas, balki supurgi va hokandoz ishlatiladi. Yozuvchi Yutaka Okihara «Maktabni tozalash» kitobida yondashuvni shunday ifodalagan: «Har qanday ish, hatto iflosliklarni tozalash ham o‘quvchi uchun juda past ish hisoblanmaydi. Maktabni ozoda saqlash har kimning burchidir».

Yaponiya maktabida ta’lim olgan jurnalist Hiroko Yoda tozalash jarayoni haqida shunday deydi: «Har kuni dars tugagach, biz bir necha guruhlarga bo‘linib, navbatma-navbat partalarni artib, polni supurib, chiqindilarni yig‘ib chiqardik».

2007 yilda Yaponiyaga ko‘chib o‘tgan yozuvchi Daniel Demetriu shunday yozadi: «Bog‘chalarda ota-onalarga (o‘zimga ham) bolalari tomonidan kun davomida ishlatilgan tagliklarni («pamperslar») ehtiyotkorlik bilan paketlarga o‘rab, uyga berib yuborishadi. Ota-onalar ularni uyda chiqindi qutisiga tashlashadi. Yaqinda birinchi sinfga borgan 6 yoshli bolam uchun sport to‘plami, qalam qutilari bilan bir qatorda, idish-tovoq artadigan salfetkalarini ham sotib oldim. Barcha bolalar birinchi kundan boshlab sinfni va ovqat qoldiqlarini yaxshilab tozalashga o‘rgatiladi».

«Bu ishlar falsafa darajasida jiddiy emas», deydi yapon maktabi o‘qituvchilaridan biri. «Biz bolalarga shuni o‘rgatmoqchimizki, agar biror narsadan foydalansa yoki ma’lum bir joyda vaqt o‘tkazsa, xoh u sinfda, xoh uyida bo‘ladimi, hamma narsani o‘zi tozalashi kerak. Bu bizning odatimiz, bu biz uchun tabiiydir».

Yaponiya ko‘chalarida chiqindilar uchun shaffof qutilar bor, it egalari chiqindini uyiga olib ketishadi va hojatxonaga tashlashadi

XVIII-XIX asrlarda Yaponiyaga borgan yevropaliklar ko‘chalar tozaligiga va yaponlarning saranjomlikka intiluvchanligiga e’tibor qaratishgan. Bloomberg hisob-kitobiga ko‘ra, Yaponiyada aholi jon boshiga Amerikadagiga qaraganda ikki baravar kam maishiy chiqindi to‘g‘ri keladi. Chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yaponlar amerikaliklar va inglizlardan oldinda turadi. Bunga chiqindi poligonlari uchun yer maydoni yetishmasligi ham ta’sir qiladi.

Yozuvchi Daniel Demetriu Tokioni dunyodagi eng toza shaharlardan biri deb hisoblaydi. U shaharda 14 million kishi istiqomat qilishiga qaramay, aeroportlar, vokzallar va ko‘chalardagi ozodalikni ta’kidlaydi: «Hatto yuqori texnologiyali jamoat hojatxonalarida ham saranjomlik bor, kamdan kam hollarda qog‘oz yo‘qligini ko‘rish mumkin».

Yaponiya ko‘chalarida chiqindilar va chiqindi tashlaydigan qutilar deyarli yo‘q. 1995 yilda Tokio metrosiga kimyoviy qurol yordamida hujum qilinganidan keyin chiqindi qutilari soni kamaytirildi. Unda 12 kishi halok bo‘lgan va bir necha ming kishi zaharlangan edi. Shundan so‘ng, temiryo‘l vokzallari va boshqa jamoat joylaridagi qutilar yo‘qoldi, chunki ular yangi hujumlarni amalga oshirishning qulay usuli sifatida qabul qilindi.

Ammo katta sayyohlik oqimi tufayli Yaponiya asta-sekin ko‘chalarda chiqindi qutilaridan foydalanishga qaytdi. Endi ko‘plab chiqindi qutilari shaffof va ular metro stansiyalarida nazoratga olingan.

Chiqindi qutilari yo‘qligi ko‘chalardagi chiqindi miqdoriga ta’sir qilmadi. Yaponlar shunchaki chiqindilarni uyiga olib ketishadi yoki bunga moslashtirilgan joylarga tashlashadi. Ushbu amaliyot itlari bilan sayr qiladigan odamlarga ham taalluqli.

The Washington Post muxbiri Saymon Deniyer shunday yozgan: «It egalari har doim, istisnosiz, ko‘chada itining najasini tozalaydi, siydigini esa plastik idishda olib yuriladigan suv bilan yuvib tashlaydi. Najasni plastik paketga solib, uyiga olib borib, unitazga oqizib yuboradi».

Yaponlar jamoat hojatxonalarida shippak kiyadi, taksi haydovchilari qo‘lqopda, kasal odamlar esa niqobda yuradi

Yaponiyada ozodalikka e’tibor kundalik hayotning ko‘plab sohalarini qamrab oladi. Tokioda 15 yildan ortiq yashab kelayotgan jurnalist Yuriy Sinaleyev uylardagi ichimlik suvi sifatiga e’tibor qaratdi:

«Uni qo‘rqmasdan ichish mumkin. Bir vaqtlar Tokio meriyasi tashabbusi bilan suv hatto plastik butilkalarda ramziy haq evaziga sotilgan. Shuningdek, maxsus aksiya o‘tkazilib, aholiga tekin plastik stakanlar yuborilgan, jo‘mrakdan olingan suvni ichishdan qo‘rqmaslikka chaqirilgan. 2011 yil mart oyidagi halokatli zilziladan keyin, aksiya ma’lum muddatga to‘xtatildi, biroq o‘shanda ham suvning sifati hech qanday tashvish tug‘dirmadi».

Yozuvchi Yuliya Andreyeva shunday yozadi: «Taksilarda o‘rindiqlarga oq chexol kiydirilgan bo‘ladi, haydovchilar toza oq qo‘lqop kiyishadi. Saylovoldi kampaniyalari paytida siyosatchilar avtobuslarga o‘tirib, ko‘chalar bo‘ylab oq qo‘lqopda tashviqot o‘tkazishadi».

Yaponlar yevropaliklarning kompyuteridan jirkanadi, chunki biz ulardan farqli o‘laroq, sichqoncha va klaviaturani dezinfeksiya qilishga e’tibor qaratmaymiz. Yaponlar uyida, restoranda yoki mehmonxonada hojatxonaga borish uchun alohida maxsus shippak kiyadi.

O‘quvchilar maktabda poyabzalini yechib qo‘yishadi va boshqa oyoq kiyimini kiyishadi. Tomoshabinlar teatrda oyoq kiyimini almashtirishadi. Uyga chaqirilgan ustalar ostonada poyabzalini yechib kirishadi.

Aleksandr Prasol «Yaponiya. Davr yuzi» kitobida xonaga kirishdan oldin poyabzalni yechish – standart jarayon ekanini yozadi: «Ichki va tashqi makon o‘rtasidagi chegarani belgilash uchun pol yigirma-o‘ttiz santimetrga ko‘tarilgan holda bo‘ladi».

Agar yaponiyalik shamollab qolsa, boshqalarga yuqtirmaslik uchun jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yuradi.

Yozuvchi Daniel Demetriu shunday ta’kidlaydi: «Yaponiyada jamiyat uyg‘unligiga beg‘araz hurmat – milliy belgi hisoblanadi. Bu uning o‘ta punktualligi va juda ta’sirli mehmondo‘stligida o‘z aksini topadi».

Mavzuga oid