Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
Yaponiya hukumati AES yaqinidagi hududlarga shishiriladigan maxsus palatkalarni joylashtirish niyatida. Uzunligi 10 metr, eni 8 metrga yetadigan palatkalar 40 nafarga yaqin insonni o‘z ichiga sig‘dira oladi.
Yaponiya hukumati atom elektr stansiyalari yaqinidagi hududlarda joylashgan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga shishiriladigan maxsus palatkalarni taqdim etish niyatida. Kyodo agentligining yozishicha, ushbu palatkalar AESda avariya yuz berib, ommaviy ravishda radioaktiv zarralar tarqalganda insonlarni himoya qilishga qodir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uzunligi 10 metr, eni 8 metrga yetadigan palatkalar 40 nafarga yaqin insonni o‘z ichiga sig‘dira oladi. Filtrlarga ega havo o‘tkazgichlar ichkaridagi bosimni tashqaridan ko‘ra yuqoriroq ushlab tura oladi. Ixtirochilarning ta’kidlashicha, bu atom reaktorida sodir bo‘lgan portlash oqibatida atmosferaga chiqarilgan radioaktiv zarralarning ichkariga kirishiga to‘sqinlik qiladi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, palatkalar mustahkam binolar ichiga, masalan, sport zallariga joylashtiriladi. Ular insonlarni bir necha kungina himoya qila oladi xolos, keyin aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinishi kerak bo‘ladi. Bu turdagi palatkalarni o‘rnatish noyabr oyida Yapon dengizi sohillarida joylashgan Isikava prefekturasidagi AESda o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida sinab ko‘rilgan.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda mamlakatda 13 ta atom reaktori faoliyat yuritmoqda, ammo «Fukusima-1» AESda sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng to‘xtatilgan yangi reaktorlar tekshiruvlardan keyin bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2011 yil mart oyida Yaponiyada zilzila sodir bo‘lgan va u 550 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan kuchli sunamiga sabab bo‘lgandi. Oqibatda qariyb 16 ming kishi halok bo‘ldi. Tabiiy ofat natijasida «Fukusima-1» AESda avariya sodir bo‘lgan: stansiyaning 3 ta reaktorida yadro yoqilg‘isi erishi kuzatilgan. Radioaktiv chiqindilar tufayli 80 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.
Mavzuga oid
16:44 / 22.06.2026
Yaponiya viza narxini besh barobarga oshiradi
18:57 / 15.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun 230 mln dollar kredit ajratadi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
09:10 / 07.06.2026