Texnologiya | 10:51 / 19.07.2015
3350
2 daqiqa o‘qiladi

Windows 10 negizidagi Acer Cloudbook noutbuklari 169 dollardan sotuvga chiqariladi

Acer kompaniyasi narx borasida xrombuklar bilan raqobatlasha oladigan, Windows 10 operatsion tizimida ishlovchi arzon Cloudbook noutbuklari seriyasini sotuvga chiqarishga tayyorlamoqda. Misol uchun, 11,6 dyuymli ekranga ega Acer Aspire One Cloudbook avgustda 169 dollardan sotuvga chiqariladi. Shuningdek, 14 dyuymli ekranga ega noutbuk sotuvga chiqarilishga tayyorlanmoqda.

Ayni paytda bozorda Windows negizidagi 200 dollar atrofida taklif qilinayotgan noutbuklarni ko‘plab uchratish mumkin, misol uchun, Acer Aspire E11, ASUS EeeBook X205 va HP Stream 11 noutbuklari. Biroq 169 dollarlik Aspire One Cloudbook ayni paytda Windows negizidagi noutbuklar orasida eng arzoni bo‘lishi mumkin.

Kompaniya noutbukning batafsil ko‘rsatkichlarini oshkor etmagan, biroq bu noutbukda yuqori unumdorlikka ega bo‘lmagan protsessor, kichik tezkor xotira va qattiq disk, 1366 × 768 nuqtali ekran, xullas qimmat bo‘lmagan kompyuterdan kutish mumkin bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Aspire One CloudBook kabi kompyuterlar Microsoft ga arzon noutbuklar segmentida Google bilan raqobatlashishga yordam beradi.

149 dollardan taklif qilinayotgan Google Chrome OS negizidagi noutbuklar sodda foydalanuvchi interfeysi, tez yoqilishi va cheklangan muhitda ishlagani uchun nisbatan xavfsizlikka egaligi bilan ajralib turadi. Biroq xrombukda Windows uchun mo‘ljallangan dasturlarni ishga tushirib bo‘lmaydi va bu holat ba'zi foydalanuvchilarning e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish