O‘zbekiston | 22:12 / 21.04.2020
10300
7 daqiqa o‘qiladi

«Davlat daromad siyosatini qayta ko‘rib chiqishi kerak». Jamshid Muslimov inqiroz haqida

Tadbirkorlar juda ko‘pchiligi inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun kredit yoki qarz olishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Biroq davlat ayni paytda kredit uchun resurs ajratishni rejalashtirganga o‘xshamayapti. Bu vaziyatda tadbirkorlarning boshqa tanlovi bormi?

Bu vaziyatda har bir tadbirkordan ijodiy yondashuv so‘raladi. Ular o‘z vaziyatini to‘g‘ri baholab, yo‘l topishga harakat qilishi zarur. Shu bilan birga, davlatga murojaat qilishdan ham tiyilish kerak emas. Menimcha, ayni paytda davlat va tadbirkorlar o‘rtasida munosabat yaxshi.

Aslida, bu savolga javob berishning o‘zi qiyin. Chunki har bir ishlab chiqarish sohasida vaziyat boshqacha. Turizm, umumiy ovqatlanish, bank tizimidagi vaziyatlarni bir-biriga taqqoslab bo‘lmaydi.

Shunday ekan, Moliya vazirligi fiskal siyosatini o‘zgartirishining vaqti keldimi?

Fiskal siyosat- davlat daromadi va xarajatlari bilan bog‘liq siyosat. Iste'mol bo‘lmagan vaziyatda iste'mol va qo‘shilgan qiymat soliqlari, aksiz soliqlari kamayadi.

Masalan, hozir neft narxi tushib ketishi gaz narxiga ham ta'sir qiladi. Va demak, davlat daromad siyosatini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘lmagan narsa – bu kuch ishlatish va ma'muriy buyruqbozlik usuli bilan pul undirishga yo‘l qo‘ymaslik. Chunki bu narsa korrupsiyaga yo‘l ochadi yoki korxonalar yopilib ketishiga sabab bo‘ladi.

Davlat rahbari eng birinchi korxonalar yopilib ketmasligi shart ekani haqida ta'kidlamoqda. Agar bunga amal qilinadigan bo‘lsa, tadbirkorni boshiga to‘qmoq bilan urish kerakmas. Chunki davlatning daromadi- davlat va biznes daromadi hamda ularning iste'molidan tashkil topgan.

Shuningdek, prioritet bo‘lgan tarmoqlar uchun bojxona to‘lovlarini ham kamaytirish zarur. Xarajatlarni kamaytirish, zarur emas xarajatlarni boshqa muhim tarmoqlarga yo‘naltirish kerak. Albatta, bularning barchasi tahlillar va vaqt talab qiladigan jarayon.

Kun.uz saytida ham yaqinda Xalqaro valuta fondining tavsiyasi asosida Soliq tashkilotlari xodimlarining oyligini qisqartirish haqida aytilgan tavsiyani o‘qib qoldim. Bu taklif juda xatarli. Chunki soliqchilar ham barcha qatori inson.

Shu o‘rinda «Firibgarlik uchburchagi» degan tushunchaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Bu tushunchaning ta'siriga tushgan odam korrupsiya, mutahamlikka yo‘l qo‘yadi. Bu uchburchakning birinchi tushunchasi- imkoniyat. Soliq xodimi uchun imkoniyat kimnidir soliqqa tortish va kimnidir soliqdan «ozod qilish»dan iborat bo‘lishi mumkin.

Ikkinchisi – ichki va tashqi bosim. Imkoniyatni ko‘rgandan so‘ng vaziyatdan foydalanish uchun o‘z-o‘ziga yoki tashqi tarafdan bosim o‘tkazilish mumkin. Uchinchisi esa ratsionalizatsiya- oqlash.

Agar soliq xodimining oyligi kamaytirilsa, «Menda nima ayb bor edi? Nega mening oyligimni kamaytirdi? Demak, men qilayotgan ish ham to‘g‘ri», deya u o‘zi qilayotgan noqonuniy harakatini o‘zining oldida oqlaydi.

Budjet tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlar oyligini qisqartirishni shu paytgacha o‘ylab ko‘rish zarur edi. Biroq hozir buning vaqti emas. Aksincha, hozir ular daromad olib tursa, mana shu mablag‘ asosida ular mahsulotiste'mol qiladi va pul mamlakat iqtisodining o‘zida aylanadi.

Davlat xarajatlarini iqtisod qilayotganda esa ayrim savollarga e'tibor berish zarur. Birinchisi, agar xarajatlar to‘xtatib qo‘yilsa, nima bo‘ladi va kuzatiladigan salbiy oqibatlar ijobiysidan ko‘p bo‘ladimi? Agar shunday bo‘lsa, bu narsani amalga oshirish kerak emas.

Shuningdek, iqtisod qilishda samaradorlik tushunchasi ham bor. Afsuski, O‘zbekistondagi kamchiliklardan biri ham mamlakatda iqtisodiy samardorlik masalasi birinchi o‘rinda bo‘lmagani bilan ham bog‘liq. Bizda hali bunaqa ko‘nikma yo‘q. Ana shu iqtisodiy murakkab davrda iqtisodiy samaradorlik tushunchasi yo‘qligi pand beradi.

Qiyinchilik kuzatiladigan bo‘lsa, ichki resurslardan foydalanish o‘rniga yengil yechim izlab, bankdan pul olish yoki tashqi qarz olish varianti kabi osonitanlanadi.

Aslida esa, oyliklarni qisqartirish zo‘ravonlikning belgisi, kimningdir pulini o‘zlashtirish bo‘ladi. Bu o‘rinda ijodiy fikrlash ko‘proq muhim.

Aholining iqtisodiy mantig‘idan kelib chiqsak, ko‘pchilik tezroq pandemiyadan oldingi turmush tarziga qaytishni rejalashtirmoqda. Lekin bundan keyingi turmush tarzi mohiyatini to‘g‘ri tushunishi uchun odamlarga qanaqa signal berish kerak, deb o‘ylaysiz?

Bundan keyingi hayot boshlanib bo‘ldi, bu – noma'lumlik hayoti. Garchi hozir pandemiyaga oid faktlar yig‘ilayotgan bo‘lsa-da, vaziyatning qancha payt saqlanib qolishi noma'lumligicha qolmoqda. bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ham inqirozning ichki quvvati noma'lum qolayotganini ta'kidlagandi.

Vaziyat xuddi shunday. Qachon normal hayotga qaytish ham aniq emas. shuning uchun «New normal» - yangicha hayot tarziga o‘tamiz. Shuning uchun tadbirkor ham, rahbar ham quyidagi savollarga javob topishga harakat qilishi zarur:

-Davlat hozir kasal yuqtirgan odamlarga yetarli darajada tibbiy yordam ko‘rsata oladimi? Germaniya, Singapur, Yaponiyamana shu savolga javob topishdi va hozir «New normal» hayot tarziga o‘tmoqda.

-Ekspres test qachon ommalashishi noma'lummi? Demak, bundan buyog‘iga noma'lumlik.

-Aholi yoki biznes o‘rtasida ko‘nikma, intizom paydo bo‘ldimi? Yaponiya, Singapurda intizom juda kuchli, bu ularning tezroq ijtimoiy hayotga qaytishiga ham sabab bo‘ldi. Bizda ham aholi ijtimoiy masofa saqlash, gigiyenaga amal qilish intizomlarini o‘zlashtirildimi?

-Vaksina qachon topiladi? Uning tayyor bo‘lishi, sinovdan o‘tishi masalasi qachon yechiladi?

Garchi yuqoridagi savollarga javob bo‘lmasa-da, bu hamma narsa to‘xtab qolishi va ocharchilik kuzatilishini anglatmaydi. Eng yomon qo‘rquv ham ocharchilik qo‘rquvi. XXI asrda faqat urush bo‘lgan hududlardagina ochlik kuzatilgan.

Ocharchilikning asosiy omili – logistik tizimda va byurokratiyada muammo borligi bilan bog‘liq.

Agar qaysidir qishloqda non, yog‘ yoki shakar yo‘q bo‘lsa, demak, qaysidir shaxs xatosi bilan sodir bo‘lgan va bu davlatda shu mahsulotlar yo‘qligini anglatmaydi.

Aksincha, mutasaddilarga liderlik, menejyerlik qobiliyati kerak. Qog‘ozsiz yoki biror rasmiy ruxsatsiz tavakkal qilib, vaziyatni xalq foydasiga hal qila oladigan mas'ullar kerak.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid