Suhbatdoshimiz intervyu avvalida iqtisodchi ekaniga qaramay, ancha yillardan beri ta’lim sohasini kuzatib, bu borada ekspertlar bilan bir qancha suhbatlar va podkastlar ham tayyorlaganini ta’kidladi. Ushbu suhbatimizdagi fikrlari ham shular asosidaligini qayd etdi.

— O‘zbekistondagi anomal sovuq va buning ortidan maktablardagi qishki ta’tilning uzaytirilganidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Ta’limda bunday favqulodda qarorlar qabul qilinishiga munosabatingiz qanday? Mana shu o‘zgarishlar fonida ta’til muddatlarini o‘zgartirish vakolati hokimliklarga berilganiga qanday qaraysiz?

— Mahalliy hokimiyat bu jarayonga aralashishining asosiy sababi – u kommunal xizmatlar uchun javob beradi, bolalarning maktabga qatnashi uchun esa ma’lum bir standartlar bo‘yicha sharoit bo‘lishi kerak. Munitsipal vakolatga ega bo‘lgan mutasaddilar bolalarning maktabga kela olishi yoki unday bo‘lmasligi, sharoit bor yoki yo‘qligi haqida ayta oladi. Deylik, mahalliy hokimiyat bu haqda hech qanaqa bildirishnoma qilmagan taqdirda ham bolalar maktabga borishsa, u yerda sharoit yaxshi bo‘lmay, qattiq sovuq bo‘lsa, davlat bu jarayonni to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Misol uchun, xususiy maktab ochadigan bo‘lsangiz, shart-sharoitlari bo‘yicha qattiq tekshiruv bo‘ladi va shunga qarab faoliyat bilan shug‘ullanish yoki shug‘ullanmaslikka ruxsat beriladi. Bunda ham xuddi shu narsa ishlaydi, bu – tabiiy holat.

Ta’lim jarayoniga kelsak, unga munitsipal hokimiyatning aralashuvi yaxshi emas. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Menimcha, ta’lim haqiqatan ham isloh qilinadigan bo‘lsa, 3 ta narsaga bo‘ysunishi kerak. Birinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga, ikkinchidan o‘qituvchilar va ta’lim mutaxassislarining professional hamjamiyatiga bo‘ysunishi lozim. Bu hamjamiyat davlatdan mutlaqo mustaqil bo‘lishi kerak. Kerak bo‘lsa, o‘qituvchilarga litsenziya beradigan, ta’lim bilan shug‘ullanishga ruxsat beradigan shunaqa maxsus bir tuzilma bo‘lishi va davlatdan mustaqil bo‘lishi kerak. Va uchinchisi – ota-onalar hamjamiyatidir. Ya’ni manfaatdorlar hamjamiyati… Ular o‘zining yoki atrofdagi maktablari miqyosida yig‘ilib, shu ta’lim muassasalarini nazorat qilishi mumkin. Maktablar mana shu 3 ta kuchning nazorati ostida bo‘lishi kerak.

Bu tizimda munitsipal hokimiyatlar faqat xizmat ko‘rsatadi. Uning har xil tadbirlariga maktabdagi qizlarning boshiga “bantik” taqtirib, qo‘lga gul berib chiqarishi, saylovlarda o‘qituvchilar vazifasidan tashqari ishlarda qatnashishi kerak emas. Yo‘q, mahalliy hokimiyatlar bunda mutlaqo aralashishga haqqi yo‘q.