Jamiyat | 21:47 / 15.11.2024
12749
3 daqiqa o‘qiladi

Qotil giyohvand bo‘lgan: 3 yoshli bolani o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi

Toshkentda o‘zi bilan yashab kelgan ayolning 3 yoshli farzandini vahshiylarcha o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi. Tergov xulosasiga ko‘ra, u jinoyat vaqtida “Regapen”, “Tropikamid” va “Mefedron” ta’sirida bo‘lgan. Marhumning ota-onasi suddan uni umrbod ozodlikdan mahrum etishni so‘radi.

15 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 3 yoshli bolani vahshiylarcha o‘ldirgan erkakka nisbatan sud ishi boshlandi. Kun.uz muxbiri ochiq sud majlisini kuzatdi.

Sudlanuvchi S.M. – 1993 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz. U joriy yil 9 iyul kuni Yashnobod tumani Olmos mahallasida shar’iy nikohidagi ayolning go‘dak o‘g‘lini vahshiylarcha o‘ldirgan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, S.M. muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olish, saqlash, tashish va o‘tkazish jinoyatlari uchun jazo o‘tab chiqqan, lekin qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, surunkali ravishda kuchli ta’sir qiluvchi va giyohvand vositalarni iste’mol qilib kelgan.

Qotil 9 iyulga o‘tar kechasi “Regapen” va “Tropikamid” dori vositalari va “Mefedron” giyohvandlik moddasini iste’mol qilgan. Bu moddalar ta’sirida o‘zi bilan birga yashab kelgan, 1994 yilda tug‘ilgan ayol N.N.ni uning 2021 yilda tug‘ilgan, onasining bag‘riga intilgan o‘g‘lidan rashk qilgan va bolani uxlayotgan vaqtida vahshiyona tarzda (yuz qismidagi tana a’zolariga yig‘ma pichoq sanchgan holda) o‘ldirgan.

S.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish kabi moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Sud tergovida ikki nafar jabrlanuvchi – marhumning ota-onasi ham eshitildi. Ular suddan qotilga umrbod qamoq jazosi berishni so‘radi.

Navbatdagi sud majlisida sudlanuvchiga so‘z beriladi. Sud 18 noyabrgacha tanaffus e’lon qildi.

Mavzuga oid