Shunday jinoyatlar bo‘ladiki, uning sodir etilganiga yillar o‘tsa-da, eslanganida odamlarni qo‘rquv va hayratga soladi. 2021 yil bahorida Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyati ham qishloq aholisiga hali unut bo‘lgani yo‘q: odamlar gap orasida hamon o‘sha voqeani eslab, afsus sifatida bosh chayqab qo‘yishadi.

Sirli yashirin raqam

Payariq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Marg‘uba Tuyg‘unova uy yumushlaridan ortib, turmush o‘rtog‘ining topganiga qo‘shimcha bo‘lishi uchun ish surishtirib yurgandi.

2021 yil 13 mart kuni turmush o‘rtog‘i Sherbek Tuyg‘unov Qobil ismli qo‘shnisi bilan ishga chiqib ketadi. Ular Samarqand shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birida ishlab kelishardi.

Ayol soat 7:30 larda o‘g‘li Sardorni maktabga jo‘natadi va uy yumushlariga kirishadi. Soat 10:00 larda esa ikkinchi farzandi Alisherni kompyuter to‘garagiga kuzatib qo‘yadi. Shu vaqtda uning telefoniga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. O‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayol voyaga yetmagan ikki farzandi borligini, ularga enaga kerakligini aytadi. “Agrobank oldida uchrashib, gaplashib olsak bo‘ladi”, deydi ayol. Marg‘uba Tuyg‘unova esa unga farzandlari maktabdan kelgach borishini aytadi. 

Shu orada qo‘shnisi Ozoda Tog‘ayeva qo‘ng‘iroq qilib qoladi va kartoshka ekmoqchi ekanini aytib, ketmon so‘raydi. U oradan 4-5 daqiqa o‘tganidan so‘ng kelib, ketmonni olib ketgan.

Qo‘shnisini kuzatganidan ko‘p o‘tmay Marg‘uba Tuyg‘unovaning telefoni yana jiringlaydi. Yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini ko‘rib, javob beradi.

“Men tuman markaziy shifoxonasida ishlayman. Shifoxona oldiga kelsangiz boyagi ish masalasini gaplashib olamiz”, deydi biroz avval o‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayol.

Marg‘uba Tuyg‘unova o‘g‘li Sardorning maktabdan kelish vaqtini hisobga olib, kichik farzandi Azizni uyda qoldirganicha yo‘lga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay maktabdan qaytayotgan Sardorni ko‘rib, xonadon kalitini unga beradi hamda ukasi Aziz uyda ekanini aytgancha o‘zi shifoxona tomonga ketadi.

G‘oyib bo‘lgan aka-uka

Manzilga yetib borgan Marg‘uba Tuyg‘unova bir muddat shifoxona oldida qo‘ng‘iroq bo‘lishini kutib turgan. Negaki, o‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayol yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq qilgan, unga qaytib chiqishning esa imkoni yo‘q edi.

Qo‘ng‘iroq bo‘lavermagach, shifoxonaga kirib Nargiza ismli shifokorni so‘raydi. Ammo tibbiyot xodimlari bunday ismli shifokorni tanimasliklarini aytishadi.