Jamiyat | 12:13 / 22.07.2015
3102
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada sifat sertifikatisiz sotilayotgan bolalar bo‘tqasi sotuvdan chiqarildi

Farg‘onada sifat sertifikatisiz sotilayotgan bolalar bo‘tqasi sotuvdan chiqarildi. Bu haqda “Bozor va iste'molchi” gazetasi ma'lumot berdi.
Aytilishicha, Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqini himoya qilish jamiyatiga Quvasoy shahrida yashovchi S. G‘ulomov murojaat qilib, markaziy dehqon bozori hududida joylashgan oziq-ovqat do‘konlaridan biridan sotib olgan Nestle bolalar bo‘tqasining sifatiga shubha bildirdi.
Murojaatnoma yuzasidan do‘konda o‘tkazilgan tekshiruv natijasida bo‘tqaning sifat sertifikati mavjud emasligi aniqlandi. Bundan tashqari, savdoga chiqarilgan pechene, pryanik mahsulotlarining ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagani, qadoqlangan shakar, chuchvaraning hech qanday ma'lumotlari ko‘rsatilmagani va kolbasa mahsulotlarini saqlash shartlari buzilganligi ma'lum bo‘ldi.
Do‘konning 4 nafar sotuvchisi maxsus ish kiyimlari bilan ta'minlanmaganligi ham e'tiborga olindi.
Yuqoridagi holat yuzasidan tegishli chora ko‘rilishi uchun xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat boshqarmasiga ma'lumotnoma yuborildi.