Jahon | 13:33 / 08.08.2024
2836
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi epidemiya, Isroilning Sinvarga tahdidi va Rossiyada migrantlarni daromad solig‘iga tortish taklifi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo bo‘lgasida bolalar o‘rtasida teri kasalliklariga uchrash hollari ko‘paymoqda.

Isroil tomonidan qamal qilingan va muttasil hujumlarga duchor qilinayotgan G‘azoda tibbiyot muassasalarining ishi parokanda qilingani, suv ta’minoti va sanitariya tizimi to‘liq ishdan chiqarilgani kasallikning yanada avj olishiga sabab bo‘lmoqda.

Aholi majburan ko‘chirilgan joylarda o‘ta zich yashayotgani, iste’mol uchun toza ichimlik suv, shuningdek, yuvinish uchun suv yetishmasligi, shaxsiy gigiyenaga amal qilish ilojsiz ekani va ko‘chalar chiqindilardan o‘z vaqtida tozalanmayotgani sababli epidemiya tezda tarqalmoqda. Qichima, ich ketishi va qizamiq kasalliklari har kuni yuzlab odamlarda, ayniqsa yosh bolalarda aniqlanmoqda.

Falastindagi mash’um urushning 306-kuniga kelib, qurbon bo‘lganlar soni 39 ming 677 nafarga yetdi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘linmasiga ko‘ra, so‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari ikkita ommaviy qirg‘inni amalga oshirgan va 24 kishining halok bo‘lishi va 110 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lgan. Umuman, G‘azoda shu paytgacha yarador bo‘lganlar soni 91 ming 645 nafarga yetgan.

O‘ldirilgan insonlarning 16 mingdan ortig‘i yosh bolalar. G‘azoda yana qariyb 21 ming bola bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

Isroilning Sinvarga tahdidi

Isroil HAMASning yangi rahbari Yahyo Sinvarga o‘ldirish bilan tahdid qildi. Isroil Yahyo Sinvarni 2023 yilning 7 oktyabrida HAMASning Isroilga uyushtirilgan keng ko‘lamli hujum tashkilotchisi deb hisoblaydi.

Tehronda HAMASning avvalgi siyosiy rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib, HAMAS 61 yoshli Yahyo Sinvar siyosiy byuroning yangi rahbari etib tayinlanganini e’lon qilgan edi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats X ijtimoiy tarmog‘ida Yahyo Sinvarning HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlanishi — uni tezroq yo‘qotish uchun yaxshi sabab bo‘la olishini yozgan.

Sinvar tayinlangach, Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats uni tezroq yo‘q qilish zarurligini ta’kidlagan.

“Arxiterrorchi Yahyo Sinvarning HAMASning yangi yetakchisi etib tayinlanishi — uni tezroq o‘ldirish va bu tashkilotni supurib tashlash uchun yana bir asosli vaj bo‘la oladi”, — deb yozgan Kats o‘zining X platformasidagi mikroblogida.

Yahyo Sinvar HAMASning Isroil tomonidan eng ko‘p qidirilayotgan yetakchilari ro‘yxatidan o‘rin olgan. HAMAS guruhining Isroilga hujumidan so‘ng u ortiq odamlar orasida ko‘rinish bermagan va taxminlarga ko‘ra G‘azo sektoridagi yerosti tunnellarida jon saqlamoqda.

Turkiya Isroilga qarshi da’voga qo‘shildi

Turkiya G‘azo sektorida Isroilning Falastinning HAMAS harakatiga qarshi urushi yuzasidan Xalqaro sudda Isroilga qarshi Janubiy Afrika Respublikasi da’vosiga qo‘shildi. Unga yetti davlat, shu jumladan Yevropa Ittifoqiga a’zo Ispaniya ham qo‘shilgan.

Turkiya parlamenti delegatsiyasi BMTning Haagadagi Oliy sudiga «Turkiya Falastin muammosini hal qilishga katta ahamiyat berayotganini» aks ettiruvchi «aralashuv bayonoti»ni taqdim etdi, deb yozdi Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan.

JAR dekabr oyida Xalqaro sudga Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi. U Isroilni G‘azo sektoridagi genotsidda ayblagan.

Yanvar oyi oxirida sud Isroilga «genotsid»ning oldini olishni buyurgan dastlabki qarorni chiqardi. May oyida Xalqaro sud Isroildan G‘azo sektori janubidagi Rafahdagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishni, iyun oyida esa Isroilga qarshi genotsid sodir etganlikda ayblovlarni tekshirish uchun BMT maxsus vakiliga operatsiya hududlariga kirishni ta’minlashni talab qildi.

JARning Isroilga qarshi da’vosiga avvalroq Nikaragua, Kolumbiya, Liviya, Meksika, Falastin ma’muriyati va Yevropa Ittifoqiga a’zo Ispaniya qo‘shilgan edi. Xalqaro sud qarorlari qonuniy kuchga ega emas, lekin jahon sahnasida Isroilga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Ukrainaning Kurskka hujumi

Rossiyaning Kursk oblasti Sudja va Korenevskiy rayonlarida so‘nggi ikki kundan beri janglar davom etmoqda. Ukraina armiyasining bo‘linmalari Rossiya Federatsiyasi hududiga kirib kelgan. O‘nlab muddatli xizmatni o‘tayotgan rossiyalik askarlar asirga olindi. Rossiyaning Ka-52 vertolyoti FPV-dron tomonidan urib tushirilgan.

Rossiya rasmiylari dushmanning oldinga siljishini «to‘xtatilgan» va «vaziyat nazorat qilinmoqda» deya ishontirmoqda, ammo chegaradan 10 kilometr uzoqlikdagi 5 ming aholisi bo‘lgan Sudja shahrida janglar haqida dalillar paydo bo‘lmoqda. Ukraina tomoni chegaradagi o‘zgarishlar haqidagi xabarga rasman izoh bermadi.

Rossiya prezidenti Putin xavfsizlik kuchlari bilan Kursk viloyatidagi vaziyat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida «mingtacha odam» chegarani buzishda qatnashgan.

Vladimir Putin Ukraina Qurolli kuchlarining Moskvadan 500 km uzoqlikdagi Kursk oblasti bilan chegarani kesib o‘tganini «keng ko‘lamli provokatsiya» deb baholagan.

AQSh Rossiyaning Kursk oblastidagi operatsiya maqsadlari haqida ko‘proq bilish uchun ukrainalik harbiylar bilan bog‘lanmoqda, degan Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaning rus qo‘shinlari hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha «oqilona» harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘z navbatida, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi AQShning Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Amerika qurollaridan foydalanish bo‘yicha siyosatida «hech narsa o‘zgarmaganini» ta’kidladi. Vashington Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga ruxsat beradi.

Rossiyada migrantlarga yangi soliq

Rossiyada migrantlardan 30 foizgacha daromad solig‘i undirish taklif etildi. G‘oya tashabbuskori, deputat Leonid Slutskiyning fikricha, xorijlik ishchilarning daromadi Rossiya budjeti uchun ishlashi kerak.

Qonun loyihasini Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR fraksiyasi tayyorlagan.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma olgan xorijiy fuqarolar soni 2,1 million kishini tashkil etgan, ulardan 2 milliondan ortig‘i mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patentga ega bo‘lgan. 2023 yilda ham bu ko‘rsatkich shu raqamlarga deyarli yaqin bo‘lgan.

«Rossiya Soliq kodeksida soliq rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslar tomonidan olingan barcha daromadlar uchun 30 foiz soliq stavkasi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, patent asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan chet el fuqarolarining daromadlari ushbu me’yorning talablariga bog‘liq emas», deyiladi qonun loyihasida. Mualliflar bu qoidaga tuzatish kiritishni taklif qilmoqda.

«So‘nggi yillarda ko‘proq xorijliklar Rossiyaga ishlash uchun kelishga harakat qilmoqda. Bugungi kunda migrantlarning deyarli uchdan ikki qismi patent bo‘yicha yollanma ishchi bo‘lib ishlaydi va ular topgan pullarini oilasiga jo‘natadi. Ammo biz chet ellik ishchilarning daromadi Rossiya budjeti uchun ishlashi kerak, deb hisoblaymiz», degan Leonid Slutskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu budjetni qo‘shimcha daromadlar bilan to‘ldirish imkonini beradi, bu daromadlar shahar va qishloqlarni rivojlantirish, jumladan, bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Eronga vizasiz

Tojikiston va Eron vizasiz rejim joriy qilmoqda. Ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi tegishli memorandum kuchga kiryapti.

2024 yil 10 avgustdan Tojikiston va Eron hukumatlari o‘rtasida umumiy xorijiy pasport egalari uchun vizani bekor qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi kuchga kiradi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytiladi.

Ikki davlatning umumiy fuqarolik pasportlari egalari bir-birlarining hududiga birinchi kirgan kundan boshlab 90 kun ichida 30 kunlik muddatga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin.

Birinchi bosqichda vizasiz tizimni joriy etish faqat Dushanbe-Tehron va Tehron-Dushanbe havo yo‘nalishlaridan foydalanadiganlar uchun amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Eronda O‘zbekistondan samolyotda borgan o‘zbekistonliklar uchun ham 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid