Iqtisodiyot | 15:24 / 26.07.2015
7550
2 daqiqa o‘qiladi

BRIKS taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan ilk kredit yuan valyutasida beriladi

2016 yilning aprel oyida BRIKS taraqqiyot banki tomonidan taqdim etiladigan ilk kreditlar yuan valyutasida beriladi. Bu haqda bank rahbari Kundapur Vaman Kamatxga asoslanib, Outlook of India nashri xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, bank prezidenti Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan bilan telefon muloqoti chog‘ida bunday bank yaratish BRIKS mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashi qayd etgan.

Biroz oldinroq, Shanxayda BRIKS bankini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangani ma'lum qilingandi. Bank oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad tashkilot tarkibidagi mamlakatlarning infratuzilma va developerlik loyihalarini moliyalashtirish hisoblanadi. Tashkilot a'zolari bankka har yili 2 mlrd dollardan, jami 10 mlrd dollar mablag‘ o‘tkazib berishga kelishishgan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Shanxay shahrida 21 iyul kuni BRIKS taraqqiyot banki rasman ochilgandi. Bank tashkil etilishi to‘g‘risidagi shartnoma 2014 yil 16 iyul kuni Braziliyadagi sammitda imzolangan bo‘lib, u Xalqaro valyuta jamg‘armasiga muqobil bo‘lishi ko‘zda tutilgan.