20:10 / 30.09.2018
64746

Andijondagi klasterda paxta hosilini terib-buntlovchi terim kombaynlari ish boshladi

«Khantex-group» korxonasi Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumani klasteriga zamonaviy, hosilni terib-buntlovchi paxta kombaynlarini olib keldi.

Ma'lumki, klaster usuliga O‘zbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaralmoqda. Mamlakatimizning ko‘plab tumanlarida klasterlar tashkil qilingani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Paxtani yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab olgan mazkur usul Andijon viloyatining ikki – Qo‘rg‘ontepa va Baliqchi tumanlarida ham amalga oshirilmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 8168 gektar paxta maydonida «Khantex-group» tomonidan zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar asosida klas­ter usulida sifatli trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

«Khantex-group» korxonasi paxta hosilini sifatli terib olish maqsadida klasterga zamonaviy texnologiyalarni olib keldi.

30 sentabr kuni Qo‘rg‘ontepa tuman paxta dalalarida Amerikaning «John Deere CP690» rusumli kombaynlari sinov terimini o‘tkazdi.

Mazkur paxta terim kombaynlari hosilni terish bilan birgalikda qadoqlab, ya'ni bunt holatida keltirishi juda ahamiyatlidir. Samaradorligi yuqori bo‘lgan zamonaviy kombaynlar paxta terimini samarali va tez yig‘ib olishga yordam beradi.

«Khantex-group» korxonasi o‘z klasteriga «CASE» rusumli paxta teruvchi kombaynlarini olib kelgan bo‘lib, tez kunlarda bu agregat ham test terimiga tushadi.

«KUN.UZ» tez kunlarda zamonaviy agregatlarning ishlash jarayoni haqidagi videolavhalarni tayyorlashni rejalashtirgan.

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.
UZ muxbiri

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top