10:34 / 18.03.2019
10595

TIV Davlat departamentining O‘zbekiston bo‘yicha hisobotiga munosabat bildirdi

Foto: AP Photo/Luis M. Alvarez

2018 yili dunyodagi inson huquqlari vaziyati bo‘yicha yillik ma'ruzada (2019 yil 13 mart kuni e'lon qilingan) AQSh Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli ko‘p jihatdan sezilarli darajada yaxshilanganini e'tirof etdi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi.

Qayd etilishicha, bu ushbu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlar samaradorligi va respublika rahbariyatining inson manfaatlariga xizmat qilishiga bo‘lgan qat'iy sodiqligining e'tirofi bo‘lgan.

«Xususan, avvalo jinoiy odil sudlov, sud jarayonining ko‘proq shaffofligini ta'minlash, ayblovchi dalillar bazasidan foydalanishga himoyachi tomoniga kengroq izn berilishi ta'minlashi va natijada oqlovchi qarorlar sonining ko‘payishi sohalaridagi ishlarga ma'ruzada obektiv baho berilishi diqqatga sazovordir.

Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligi, qiynoqlardan hamda boshqa muomala va jazoning noinsoniy yoki sharafini kamsituvchi turlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar qabul qilinishi, shuningdek, bunday jinoyatlar uchun mas'uliyat kuchaytirilishi e'tirof etiladi.

So‘z va ifoda erkinligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida matbuot erkinligini ta'minlash bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishi, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari tashkilotlari va fuqarolik jamiyati faollari bilan ochiq munosabatlari e'tirof etilmoqda», - deyiladi TIV axborotida.

Bildirilishicha, ma'ruzada diniy ekstremizmda gumonlangan minglab shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari ro‘yxatidan chiqarilishi, shuningdek, ko‘plab afv etish holatlari va ularning ijtimoiy moslashuviga qaratilgan dasturlar alohida qayd etilgan.

«Human Righs Watch» va «Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi» ma'lumotlariga asoslanib «O‘zbekistonda yigirma yildan ziyod vaqtdan beri ilk marotaba jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari qamoqxonalarda qolmagani» ma'ruzada e'tirof etilishi diqqatga sazovordir, deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, hujjatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha muvaffaqiyatli qabul qilingan huquqiy va ma'muriy choralar alohida ko‘rsatilgan. O‘zbekistonning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi taraqqiyoti AQSh Davlat departamenti va Mehnat departamentining 2018 yildagi tegishli bayonotlarida bir necha bor e'tirof etilgan.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida AQSh davlat kotibining O‘zbekistonni «diniy erkinlik sohasidagi alohida tashvish uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxatidan» chiqarish qarori respublikaning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlarining yana bir muhim e'tirofi bo‘lgan.

O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan natijalar, shubhasiz, mamlakatda qabul qilingan «2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» doirasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq, bu esa chuqur demokratik islohotlarning boshlanishiga olib keldi.

O‘zbekiston inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini mamlakatda ta'minlash tizimini yanada takomillashtirishda qat'iydir va bundan keyin ham «aniq islohotlar» yo‘lidan boradi, shuningdek, amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar yaxlit, barqaror va ortga qaytmas xarakteriga ega. Shuningdek, respublikada inson huquqlarini himoya qilish institutlari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shu jumladan, xalqaro va nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlardan kelib chiquvchi eng muhim topshiriqlarni amalga oshirilishining hal etuvchi shartlari shundan iboratdir. Ushbu islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyojlari va manfaatlari hisoblanadi», - deya ma'lumot berdi TIV.

Top