12:24 / 24.03.2021
14474

Navoiyda bayramdan qaytayotgan ayol o‘zi va uch nafar qizini poyezd ostiga tashladi

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi ayol 21 mart kuni Navoiy shahridagi dam olish maskanidan qaytayotib, Karmana tumani hududida o‘zi va uch nafar qizining joniga suiqasd qildi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, 31 yoshli ayol Navro‘z bayrami munosabati bilan 2013, 2016 hamda 2018 yilda tug‘ilgan qiz farzandlarini Navoiy shahridagi dam olish maskaniga olib borgan va ular bilan sayr qilgan. Ortga qaytayotganda esa Karmana tumanining «Malikrabot» qo‘rg‘oni hududida, Karmana – Tinchlik temir yo‘l bekatlari oralig‘ida o‘zi va farzandlarini temir yo‘lga olib chiqib, joniga suiqasd qilgan. 

Ularni yuk poyezdi urib yuborgan. Oqibatda ona Karmana tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Voyaga yetmagan 5 yoshli qizi esa og‘ir tan jarohati tufayli jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 8 hamda 3 yoshli qizaloqlar baxtli tasodif tufayli omon qolgan.

Navoiy viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat IIB vakillari hamda tuman mas'ul xodimlari tomonidan marhuma istiqomat qilgan mahallada ushbu holat muhokama qilingan. Ma'lum bo‘lishicha, marhuma yashab kelgan xonadon ibratli va namunali oila bo‘lgan. 

Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top