00:42 / 18.07.2020
15741

«Hech bo‘lmasa haftada bir marta test olinsa yaxshi bo‘lar edi» - Samarqandlik shifokorlar o‘z sog‘lig‘idan xavotirda

Koronavirus tarqalishi avj olgani sari nafaqat bemorlar, balki shifokorlarning ham o‘z sog‘lig‘idan xavotiri ortyapti. Bu holat ayniqsa, COVID-19 ga chalingan bemorlar bilan ishlaydigan tibbiyot xodimlarida ko‘p kuzatila boshladi.

Xususan, Samarqand shahridagi 4-poliklinika xodimlari (ismlari sir tutiladi) tahririyat bosh ofisiga bog‘lanib, jarayon haqida so‘zlab berdi:

— Bundan bir necha kun oldin bizning bo‘limdagi ayrim shifokorlarda koronavirus aniqlandi. Ular orasida bo‘lim boshliqlari ham, hamshiralar ham bor edi. Hozir ular ishga chiqishmayapti. Meni xavotirlantirayotgani — o‘sha paytda biz ham ular bilan muloqotda bo‘lgandik. Ishga borganmiz, ko‘rishganmiz, bitta xonada o‘tirganmiz. Ammo bizdan test olinmadi. Xonalar dezinfeksiya qilingani ham yo‘q. Qaytaga fuqarolar ichiga boryapmiz, yaqinda tashkil qilingan mobil guruhlar bilan ishlayapmiz. Agar o‘zimizda kasallik bo‘lsa, aholiga ham yuqtirishimiz mumkin albatta.

Bizning bo‘lim xodimlaridan Covid-19 kasaliga chalinganlar uyda davolanishmoqda. Aytishlaricha, 3-4 kundan beri ularda nafas qisishi, ta'm sezmasligi alomatlari bor. Ayanchlisi, ular ahvoli og‘irlashib, yotib qolmaguncha ishlashgan.

Axir, biz ham odammiz-ku?! Biz ham kasal bo‘lishimiz mumkin. To‘g‘ri, maksimal darajada ehtiyot choralarini ko‘ryapmiz. Ammo baribir xavotir bor. Bizdan ham hech bo‘lmasa haftada bir marta test olinsa yaxshi bo‘lardi. Bemorlar bilan muloqot qilganimizdan keyin virus tarqalish xavfi ortadi. Bu hammamiz uchun muhim deb o‘ylayman. O‘sha kasallangan hamkasblarim ham salomatliklariga muntazam e'tibor berilmagani uchun shu holga tushdilar. Shifokor kasal bo‘lsa, boshqalar qanday sog‘ qoladi?!

Bizning mobil guruhga aholi tez tibbiy yordam xizmatiga yoki poliklinikaga telefon qilish orqali ro‘yxatga yoziladi. Keyin biz fuqaroning uyiga borib uning sog‘ligini tekshiramiz. Agar koronavirus aniqlansa, bemor tibbiy nazoratga olinadi.

Niqoblar ham, himoya kiyimimiz ham bor. Ammo koronavirus yuqtirgan bir bemorni tekshirib, keyingilari (sog‘lomlari)ning uyiga borganda, ularga virus yuqish ehtimoli yuqori. Shu bois avvalo, shifokorlar muntazam tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. O‘zimiz aholi o‘rtasida virus tashuvchi bo‘lib qolmaylik, – deyiladi shifokorlar murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 2 iyuldagi huquqiy hujjati asosida 5 iyuldan e'tiboran, COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlar tuman va shaharlarda tashkil etilgan «mobil guruh» tomonidan saralanadi. Uyda davolanish uchun yetarli sharoiti bor fuqarolar 10 kun davomida tibbiy-sanitariya muassasalari nazoratida davolanadi. Agar yashash sharoiti sanitariya-epidemiologik talablarga javob bermasa, bemor mazkur infeksiyani davolashga ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top