11:00 / 23.03.2021
2691

Zarafshonlik erkak ichkilik oqibatida 3 kishini pichoqladi. Ulardan biri vafot etdi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida mudhish jinoyat sodir etildi. Akasining ta'ziyasidan qaytgan erkak ichkilik oqibatida turmush o‘rtog‘i va uning tanishlarini pichoqladi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Zarafshon shahrida yashovchi B.M. 18 mart kuni taxminan soat 23:30larda Konimex tumanidan, akasining ta'ziyasidan uyiga kelgan va turmush o‘rtog‘i T.N. yo‘qligini ko‘rib, unga qo‘ng‘iroq qilgan. Turmush o‘rtog‘i esa tanishi Z.B.ning uyida ekanligini, shu yerga kelishini aytgan. 

Aytilgan manzilga borgan er u yerda turmush o‘rtog‘i hamda uning tanishlari spirtli ichimlik ichib o‘tirganini ko‘radi. Fuqaro Z.B. undan aroq olib kelishni so‘raydi. B.M. ko‘chadan aroq olib keladi va uydagilar bilan birga iste'mol qilishadi. 

Ichkilik o‘zaro janjalga aylangan. Er stol ustida turgan oshxona pichog‘ini olib, turmush o‘rtog‘i va uning tanishlarini pichoqlagan. So‘ngra uyning kalitini topib, tashqaridan qulflab ketgan. Oqibatda fuqaro Z.B. voqea joyida vafot etgan. T.N. va P.A. shifoxonaga olib ketilgan. 

Zarafshon shahar IIB tomonidan olib borilgan tezkor tadbirda fuqaro B.M. ushlangan. 

Mazkur jinoyat viloyat hamda Zarafshon shahar sektor rahbarlari ishtirokida keng jamoatchilik oldida muhokama etilgan hamda tungi paytlarda tegishli ruxsatnomalarsiz spirtli ichimlik sotayotganlar mahalla faollari, hudud profilaktika inspektorlari tomonidan alohida nazoratga olinishi bo‘yicha topshiriq berilgan.

Oldinroq Navbahor tumanida ham 52 yoshli fuqaro ichkilik oqibatida 40 yoshli tanishini pichoqlab o‘ldirgan edi.

Top