12:30 / 04.03.2019
56652

Muzraf Ikromov lavozimdan olindi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi Muzraf Muborakxo‘jayevich Ikromov lavozimini tark etdi.

Kun.uz manbalari tasdiqlashicha, sobiq Adliya vaziri endi Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. U bu lavozimda Salohiddin Samadovich Nuriyev o‘rnida ish boshlaydi.

Muzraf Ikromov 1973 yili 14 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti — oliy, mutaxassisligi — huquqshunos.

U 1990—1995-yillarda Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1995 yili Adliya vazirligi iqtisodiy islohot bo‘yicha qonunchilik va me'yoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlash hamda huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi katta maslahatchisi vazifasidan boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmaning bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2007 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan. 2008—2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi huquqiy ekspertiza bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan.

2012—2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmatining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan hamkorlik qilish bo‘yicha sho‘'ba mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2015 yilning fevralidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri bo‘lgan, 2017 yilning avgustida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimida ish boshlagan. Hozircha uning o‘rniga Hisob palatasi raisligiga kim tayinlangani ma'lum emas.

Top