14:01 / 03.10.2020
13081

Air Arabia Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni yo‘lga qo‘yadi

Joriy yilning noyabr oyidan boshlab arablarning Air Arabia loukosteri Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni yo‘lga qo‘yadi.

Foto: LiveJournal

Kompaniya saytida xabar qilinishicha, «Sharja-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys 4 noyabr kuni amalga oshiriladi. 

Keyinchalik reyslar chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Chipta narxi - 200 AQSh dollaridan 246 AQSh dollarigacha. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zaviatsiya» BAA aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergandi.

Aviakompaniya O‘zbekistonga parvozlarni Airbus-320-214 havo kemalarida amalga oshirishini ma'lum qildi.
 
Air Arabia Sharja va Iskandariya aeroportlaridan, shuningdek Marokashdagi to‘rtta aeroportdan Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va MDHga yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanuvchi, bosh qarorgohi Sharjada joylashgan aviakompaniyadir.
 
Air Arabia’ning ko‘plab loukosterlardan farqi shundaki, u Sharja shahridagi bazaviy aeroportda to‘xtab o‘tish bilan yo‘nalishlar o‘rtasida parvozlarni taklif qiladi. Shuningdek, aviakompaniya bepul bagaj tashish xizmatini ham taqdim etadi.

Top