17:23 / 09.04.2018
251228

Mashhur san'atkorning dabdabali to‘yi: Prezident topshirig‘i faqat qora xalq uchunmi?

Foto: Instagram

Mashhur yakkaxon san'atkorlarimizdan biri o‘g‘lini uylantirgani-yu, dabdabali to‘y bergani hammaning og‘zida! Bu holat shaxsan Prezidentimiz tomonidan to‘ylardagi dabdababozlik va ortiqcha xarajatlarni kamaytirish yuzasidan bergan tavsiyalari fonida ro‘y berayotgani ajablanarli.

San'atkorimizning ushbu xatti-harakati ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘pchilik tomonidan, Prezident gaplariga bepisandlik o‘laroq baholanayapti. To‘g‘ri-da, bu yoqdan Prezident to‘ylarni ixchamlashtirish haqida gapirmoqda, har yili Mustaqillik bayrami arafasida san'atkorlarni taqdirlash haqida qaror chiqarmoqda, ular esa…

Adolat yuzasidan aytish kerakki, bu yerda san'atkorimizning yakkash o‘zini ayblash noo‘rin. Uning o‘rnida istalgan boshqa san'atkor bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Farqi — to‘y mavzusi qizg‘in munozara qilina boshlanganidan so‘ng birinchi bo‘lib to‘y qilgan odam u bo‘ldi. To‘g‘ri, u taniqli san'atkor, qo‘shimcha bizneslari ham bor, uning puli juda ko‘p. U pullarni o‘zi istagancha tasarruf etadi. O‘z-o‘zidan, tanish-bilishlari ham jamiki san'atkorlar, tushunamiz.

Boz ustiga, to‘y har qanday ota-onaning orzu-havasi hamdir. Biz yangi turmush qurgan yosh oilaga baxt tilaymiz.

Biroq tanganing ikkinchi tarafiga nazar tashlasak, to‘ylarning ixcham o‘tishidan eng manfaatdor bo‘lmagan qatlam ikkita bo‘lsa — biri san'atkorlar, bitta bo‘lsa — shu san'atkorlar.

Chunki bunday dabdabali to‘y bilan ular avvalo o‘z xizmatlarini reklama qilishadi: «Sizlar ham mana shunday dabdabali, mahallada duv-duv gap bo‘ladigan to‘y o‘tkazinglar, biz xizmat qilaylik», qabilida.

Hozirda san'atkorlarimizning har biri ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa Instagram’da o‘zining rasmiy sahifasiga ega. Ular bu yerda o‘z faoliyatidan lavhalar berib borish bilan birgalikda, yuz minglab muxlislariga o‘z xizmatini yashirin tarzda reklama ham qilishadi. Aytaylik, Dilso‘z doim qiz uzatilayotgan xonadonga borib «Otajon» qo‘shig‘ini kuylaydi. Sardor Rahimxon esa to‘ylarda «Onajon» qo‘shig‘ini kuylab beradi va kuyov o‘z onasiga gul taqdim etadi. Kimdir kelin salom aytishi bilan mashhur. Bu poytaxt to‘ylarida o‘ziga xos udum-an'anaga aylanib qolgan. Va bu holatlar san'atkorlarning Instagram’ida, turli to‘ylardan tushirilgan tasvirlar vositasida tinimsiz targ‘ibot qilib turiladi.

Xullas, yuqorida ta'kidlab o‘tganimdek, to‘ylarning ixchamlashtirilishidan ular aslo manfaatdor emas.

Ma'lumki, Soliq kodeksimizda san'atkorlarning konsert-tomosha faoliyatidan oladigan daromadlari soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan. I guruh nogironlari, hattoki 1941–1945 yillarda ikkinchi jahon urushida qatnashgan faxriylar biznes boshlashsa, ular ham 50 foiz bo‘lsa-da, soliq to‘lashadi, lekin san'atkori ham, otarchisi ham, boshqasi ham soliq to‘lamaydi va bu hol hech kimni tashvishlantirmaydi.

Ilgari amaldorlar san'atkorlarni o‘z «panohi»ga olishgandi: «payti kelsa to‘ylarimizda tekin xizmat qilishadi», degan ilinjda. Endi Prezidentning shaxsan o‘zi amaldorlarga to‘ylarga borishni taqiqladi. Amaldorlarimiz ham ixchamgina to‘ylar o‘tkazishda xalqqa o‘rnak bo‘ladigan paytlar yetib keldi.

Yana bir muhim jihat borki, Soliq kodeksida san'atkorlarning KONTseRT-TOMOShA faoliyatidan oladigan daromadlari soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan. Biroq, to‘ydan emas. To‘y — tomosha emas-ku?! Ayni paytda soliq kodeksini yangilash ustida ish olib borilmoqda. Balkim yangi kodeksda bu holat butunlay qayta ko‘rib chiqilishi kerakdir? Chunki xalqning fikrini buzayotgan, dabdabali to‘ylar o‘tkazishga undayotgan, bo‘lar-bo‘lmas turli yangi udumlarni targ‘ib qilayotganlar aynan shu toifa emasmi?

O‘zingiz o‘ylang, masalan bir san'atkor bir oyda o‘n kun to‘yga borsa, 30 ming dollar, ya'ni 250 million so‘m topadi.

Buncha pulni o‘qituvchi 10 yilda topadi — bu bir!

Ikkinchidan, shuncha pul topgan o‘qituvchi yo ishchi 50 million so‘m soliq to‘laydi. Ellik million!

Bular oyiga 172 ming so‘m to‘laydi, xolos. (Shuginaniyam to‘lashni o‘ziga ep bilmaydiganlari talaygina, DSQ doim ro‘yxat tuzib yuradi).

Xalqning puliga qurilgan yo‘llardan mashinasida yurib, bizning pulga ishlayotgan televizorlarda chiqib, bizning pulga tashkil qilingan davlat xizmatlaridan foydalanib, buning ustiga «Prezidentning so‘zlari men uchun emas, senlar uchun» deyaptimi?

San'atkorlarga to‘yga borishi taqiqlansin, deyapmiz. Nega? Mushohada qiling-chi, to‘ylarda davra to‘rini bermayotgan san'atkorlarimizning qay biri so‘nggi yigirma yil ichida o‘lmas qo‘shiq yarata oldi. Ularning aksariyati konsertda nuqul to‘ybop qo‘shiqlar kuylab, konsertni to‘y uchun reklama vositasiga aylantirib olishganku? San'at faqat to‘ybop qo‘shiqlardan iborat emas-ku?!

Modomiki, tartib o‘rnatilishi kerak ekan, «O‘zbekkonsert» ham bosh bo‘lib vaziyatga aralashishi kerak. Lisenziya san'atkorlarga konsert o‘tkazish uchun beriladi, to‘y uchun emas. Dabdaba solig‘i joriy etilishi va uni to‘yda qatnashgan san'atkordan yoki kerak bo‘lsa o‘shanday to‘yni o‘tkazgan xonadon sohiblaridan undirish uchun fursat yetmadimikan?

Ayni vaziyatda san'atkorlarning faoliyati litsenziya bilan tartibga solinar ekan, ularning to‘yga borishini cheklabgina chin san'at bilan shug‘ullanish, ko‘chirmakashlikdan xalos etish va haqiqiy durdona qo‘shiqlar yaratishga, san'atkorlarimizning dunyo miqyosiga chiqishiga, konsertlardan va qo‘shiqlarining onlayn sotuvidan daromad olishiga erishishimiz mumkin. Ayrim qo‘shiqchilarimizgina endi-endi Rossiya shou-biznes bozoriga qadam bosmoqda. Dunyoga hali yo‘l bo‘lsin!

Ustoz san'atkorlar orasida to‘yga chiqishni o‘ziga or deb hisoblaganlari qancha bo‘lgan. To‘yga borishsa ham daromad olish uchun emas, azbaroyi xalqi bilan yaqin bo‘lish, ularga o‘z kuy-qo‘shiqlarini jonli ijro etib berish uchungina qatnashgan. Qoldimi hozir shunday san'atkorlar? Kontsertdan daromad qila oladigan san'atkorlarimiz barmoq bilan sanarli bo‘lganidan so‘ng, tushunavering-da ahvolni.

Prezidentimiz tomonidan ushbu muammoga shaxsan e'tibor qaratilganining sababi ham ana shunda. Chunki juda ko‘plab muammolarning zamiri to‘ylarga borib taqalmoqda: yoshlarimizning dabdabali to‘y o‘tkazish ilinjida chet ellarda sarson-sargardon ishlab yurishlari ham, keyin kimlargadir taassub qilib, qars-badabang to‘y o‘tkazib, qarzga botib, yoshgina oilalar ajrashib ketayotgani ham, ko‘plab yoshlarimiz to‘y borasida o‘z oldiga katta orzu-havasni qo‘yib, unga yetisha olmasdan turmush qurish yoshidan kechikib ketayotganining sababini ham aynan shu yerdan axtarish kerak. Ular san'atkorlarimiz Instagram’da reklama qilishayotganidek to‘y qila olishmaydi-da, aqalli ularni to‘yga chaqira olishmaydi, yaxshisi turmushga chiqmay va uylanmay qo‘ya qolishadi.

Biz mazkur maqolada o‘sha to‘ydan lavhalarni berib o‘tirmadik, «Instagram» degan baloi azimga kirsangiz, o‘zingiz barchasiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti

Top