22:22 / 06.09.2018
24606

Antibiotiklar amerikalik ayolning tilida “mo‘y o‘sishi”ga olib keldi

Foto: The New England Journal of Medicine

AQShda tilida “mo‘y o‘sib ketgan” ayol davolandi. Science Alert nashrining xabar qilishicha, kamdan-kam uchraydigan kasallik ayolda antibiotiklar qabul qilgandan keyin paydo bo‘lgan.

55 yoshli ayol avtohalokatdan keyin shifoxonaga tushgan. Uning oyog‘idagi jarohat yiringlab ketgan. Infektsiyaning tarqalishi oldini olish uchun shifokorlar ayolga “Minosiklin” antibiotigidan bir necha inʼeksiya kiritishgan. Bir hafta o‘tgach ayolning tili qorayib, sochga o‘xshash o‘simtalar bilan qoplangan. Ayol ko‘ngil aynish va bemaza ta'mdan shikoyat qilgan.

Uni davolayotgan shifokor Yasir Xamad 20 yillik faoliyati davomida bunday holatning birinchi marta guvohi bo‘lgan. U karaxt holga tushgan ayolni ushbu kasallik vahimali ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, tuzatsa bo‘ladiganligiga ishontirgan. Xamad ayolni boshqa antibiotikka o‘tkazgach, ayolning tili bir oydan keyin yana avvalgi pushti holiga qaytgan.

Ayol uchragan kasallik lingua villosa nigra yoki “qora til” deb ataladi va kam uchraydi. Tildagi “mo‘ylar” aslida tilning sirti tashkil topgan ipsimon so‘rg‘ichlarning yallig‘lanishi hisoblanadi. Sog‘lom kishida ularning o‘lchami taxminan bir millimetrni tashkil qiladi, kasal odamda esa so‘rg‘ich 18 mm gacha kattalashishi mumkin. Ularda ovqat tiqilib qolib, chiriy boshlaydi va til jigarrang-qora rangga kiradi.

Olimlar ushbu kasallikni nima keltirib chiqarishini hanuzgacha bilmaydilar. Statistikaga ko‘ra, bu kasallik chekuvchilar va og‘zining gigiyenasi ortidan yaxshi kuzatmaydigan yoki og‘izni chayish uchun o‘ta kuchli vositalar qo‘llovchilarda paydo bo‘ladi. Ushbu kasallikni davolash uchun turli usullar qo‘llanadi: bemordan ko‘proq suyuqlik ichish, chekishdan voz kechish, tilni maxsus chyotka bilan yuvish yoki unga retinoidlar yoxud salitsil kislota surtish talab qilinadi. Ba'zida jarrohlik aralashuvi talab etiladi.

Mavzuga oid
Top