O‘zbekiston | 18:52 / 19.08.2023
13735
2 daqiqa o‘qiladi

Antibiotiklarni qabul qilishdagi eng muhim qoidalar eslatildi

Antibiotiklarni qat’iyan mutaxassis ko‘rsatmasiga binoan, aynan belgilangan soatlarda qabul qilish kerak.

Foto: Getty Images

Antibiotiklar qat’iy tartib asosida qabul qilinishi shart. Bu dorilar insonda kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarga zaharli ta’sir etib, ularni nobud qiladi, ammo noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida ko‘plab nojo‘ya ta’sirlar keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, antibiotiklarni qat’iyan mutaxassis ko‘rsatmasiga binoan, aynan belgilangan soatlarda qabul qilish kerak. Chunki, bir marta qabul qilingan (masalan amoksitsillin) dori uzog‘i bilan 8 soat davomida ta’sir ko‘rsatadi. Mikroblar doriga ko‘nikib, chidamli bo‘lib qolmasligi uchun ularga 24 soat mobaynida ta’sir ko‘rsatish kerak. Shuning uchun dorini qabul qilish vaqtini o‘tkazib yubormaslik lozim.

Kasallikning barcha belgilari yo‘qolgach, 3 kundan keyin dorini iste’mol qilishni to‘xtatish kerak. Bunga 3 kun qoidasi deyiladi. Undan ertaroq to‘xtatish kasallikni surunkali ko‘rinishga o‘tishi yoki qaytalash xavfini keltirib chiqarishi mumkin.

Uzoq muddat antibiotiklar qabul qilish vaqtida ichak mikroflorasini tiklash va himoya qilish uchun shifokor maslahati bilan probiotiklarni qo‘llash zarur. Antibiotiklar organizimdagi zararli mikroblar bilan birga, ko‘pincha ichakdagi foydali bakteriyalarni ham nobud qiladi. Bu esa ovqat hazm qilish tizimida muammolarga olib keladi. Probiotiklar bunday paytda organizmga yordam beradi.

Antibiotiklarni ovqatdan oldin yoki keyin, shuningdek, nima bilan qabul qilish kerakligiga doir ko‘rsatmalarni mutaxassis yoki dorining yo‘riqnomasidan aniqlashtirib olish zarur.

Davolash kursi vaqtida parhezga amal qilish, alkogol, nordon mahsulotlar, dudlangan va sho‘r taomlarni iste’mol qilmaslik maqsadga muvofiq.

Mavzuga oid