22:40 / 23.10.2018
49208

Paxta-2018. Xirmonga tuproq to‘ldirilgan qoplar olib kelindi

O‘zbekistonda paxta hosilini yig‘ib-terib olish mavsumi avj pallasidan o‘tdi. Oktyabr oyi oxirlayotgan pallada dehqonning erta bahordan dalasida qanday mehnat qilganini hosil cho‘g‘i aniqlab bermoqda.

Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining hosili qay darajada bo‘lgani, rejani bajara olishi yoki bajara olmasligi birinchi va ikkinchi terim yakunlangach ma'lum bo‘lib qoladi.

Andijon viloyati, Bo‘z tumanidagi «Xavas» paxta tayyorlov punkti uchta massivdagi 27 fermer xo‘jaligi hosilini qabul qiladi.

«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, 18 oktabr kuni kechki payt «Dostonbek orzusi» fermer xo‘jaligiga qarashli yuk tashuvchi 8261 raqamli tirkama (pritsep) tayyorlov punkti elektron tarozisidan o‘tib xirmonga to‘kilganida, paxta uyumi ichidan 12ta tuproq solingan qoplar chiqqan.

«Rejani qing‘ir yo‘l bilan bajaraman deb g‘irromlik qilgan «Dostonbek orzusi» fermer xo‘jaligining rejasi amalga oshmay qoldi. Har bir tayyorlov punktida paxtani qabul qilishga mas'ul bo‘lgan alohida inspektorlar tayinlangan. Ular jarayonni to‘liq nazoratiga olishgan. 12ta qopdagi tuproqning og‘irligi yarim tonnadan ziyod ekan», deydi Bo‘z paxta tozalash zavodi rahbari Jasurbek Qo‘shaqov.

Ayni paytda xo‘jalikka moliyaviy jarima belgilanishi bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, Bo‘z tumani cho‘l hududiga joylashgan. Ayni paytda, paxta tayyorlash rejasi bajarilishi aks etgan ma'lumotnomaga ko‘ra mazkur tuman Andijon viloyatdagi 11 tuman ichida so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top