15:46 / 01.02.2019
13356

Endi hamma maktablarga birdek pul ajratilmaydi: xalq ta'limida vaucher tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Foto: Ma’rifat nashri

Joriy yilda xalq ta'limi tizimini rivojlantirish uchun davlat budjetidan 17 trillion so‘m ajratilgan. Mazkur mablag‘ning maktablarda maqsadli sarflanishining yangicha — vaucher tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, deya xabar beradi Ma’rifat nashri.

Maqolada bayon etilishicha, o‘quv sifatining yuqoriligi va qulay shart-sharoit yaratilgani bilan nufuzi oshgan maktablarda bola soni me'yoridan ortiq. Tabiiyki, bunday maktablarining rahbariyati va pedagogik  jamoasi nisbatan ko‘p mehnat qiladi. Shu hududdagi boshqa maktablar esa ota-onalar ishonchini unchalik qozona olmagani yoki boshqa sabablarga ko‘ra, o‘quvchi soni muassasa quvvatiga nisbatan kamayib ketgan. Ammo har ikkala ta'lim muassasasiga davlat tomonidan bir xil miqdorda mablag‘ ajratiladi. Vaucher tizimi ayni shu nomutanosiblikni bartaraf etadi. Ya'ni maktablarga ajratilayotgan mablag‘ bola soniga qarab belgilanadi.

Xorijiy tajriba asosida boyitilgan tajriba loyiha Mirzo Ulug‘bek tumanida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu taklifga qaratilgan moliyalashtirishdan (ya'ni ta'lim muassasasining nomi qanchalik mashhur bo‘lsa, unga shuncha ko‘p pul ajratiladi) talabga qarab moliyalashtirish (o‘quvchilar ta'lim olish uchun qaysi muassasani ko‘proq tanlasa, shunga ko‘proq pul ajratiladi) tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilishidir. 

Mablag‘larni bunday taqsimlashni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu pullar o‘quv dargohida to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki iste'molchilar (o‘quvchilar va ularning ota-onalari) orqali yo‘naltiriladi.

— ​Shu kungacha xarajatlar smetasi barcha maktablar uchun bir xil tasdiqlanardi, — deydi Mirzo Ulug‘bek tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Yaxshigul Shodiyeva. — Masalan, tumandagi 50-maktabda 222, 71-maktabda 2647, 187-maktabda 2391 nafar o‘quvchi o‘qisa, 148-, 222-maktablarda atigi 500dan ziyod bola tahsil oladi, xolos. Vaucher tizimi asosida maktablarga bola soniga qarab mablag‘ ajratilishi ta'lim sifatini oshirib, jamoada sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. Talab yuqori bo‘lgan maktablar berilgan mablag‘ asosida sharoitini yanada yaxshilab, o‘qituvchilarni rag‘batlantirib boradi.

Ta'kidlanishicha, endi ishlasa-ishlamasa bir zaylda pul olmasligini yaxshi anglagan rahbarlar maktab mavqeini ko‘tarishga, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga, malakali kadrlar jamoasini shakllantirishga urinadi. Tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, tarmoq maktablar loyihasi kengaytiriladi. Nomdor maktabga atrofdagi o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablar A korpus sifatida qo‘shib beriladi. 

AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Daniya, Ispaniya kabi rivojlangan davlatlarda vaucher dasturi joriy qilingach, ijobiy natijalar kuzatilgan.

Ilmiy tilda aytganda, ta'lim vaucheri ta'lim xizmatlarining muayyan miqdori davlat tomonidan turli shaklda qoplab berilishidir. Bunday vaucher davlat bilan tuzilgan shartnomadek gap. Davlat shu tariqa o‘z fuqarosiga ta'lim xizmatini pul sarflamay turib sotib olish huquqini kafolatlaydi. Tizim «Mablag‘lar maktabning emas, balki o‘quvchining ortidan ergashadi»​, tamoyiliga asoslanadi. 

Ta'lim vaucherining asosiy vazifasi:

iste'molchiga tanlov imkoniyatini kengaytirish;

ta'lim tizimida bozor munosabatlarini rivojlantirish;

ta'lim xizmatlarining sifatini oshirish;

ta'lim sohasidagi moliyaviy oqimlarning shaffofligini ta'minlash hisoblanadi. 

«Bolalar ta'limi uchun butun mamlakat aholisi soliqlar shaklida pul to‘laydi, — deb yozadi vaucher tizimini tadqiq qilgan amerikalik olim Pol Piterson. — Bu go‘yo kassa o‘ynagandek gap. Bugun mening farzandim maktabda o‘qiyapti va buning uchun hamma pul to‘layapti, ertaga u o‘qishni tugatadi, sizning farzandingiz maktabga kiradi.  Uning ta'limi uchun ham barchamiz pul to‘laymiz...»​

Albatta, yangi tizim amaliyotga tatbiq etilishi bilan soha muammolari darrov hal bo‘lib qolmaydi. Muhimi, dastur o‘quvchilarga ta'lim muassasasini tanlash imkoniyatini boradi, maktablar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi. Ular har bir o‘quvchi uchun kurashga kirishadi. ​

Mavzuga oid
Top