17:08 / 22.02.2019
8346

«Tramp bilan yolg‘iz qolish»: KXDRning AQSh bilan ikkinchi sammitdagi rejasi aytildi

Foto: Saul Loeb/AFP via Getty Images

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ikkinchi sammitdagi asosiy maqsadlaridan biriga Janubiy Koreyada AQSh qo‘shinlari sonining qisqartirilishiga erishish aylanishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi yozmoqda.

Agentlikning ta'kidlashicha, Shimoliy Koreya yetakchisi Tramp uchun an'anaviy usuldan foydalanishga harakat qiladi: yakkama-yakka uchrashuvlar vaqtida kutilmagan yon berishga borish.

«Ular [Pxenyan muzokarachilari] xonada AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yolg‘iz qolish va undan nimani olish mumkinligini ko‘rishga umid qilishmoqda», - dedi prezident Jorj Bush davrida Shimoliy Koreya masalalari bo‘yicha muzokarachi Kristofer Xill.

Tramp ma'muriyatining yuqori mansabli amaldori aytishicha, shimoliy koreyalik mulozimlar AQSh vakillari bilan o‘z uchrashuvlarida shu paytga qadar juda kam narsa berishgan.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Vashington Kim Chen In Trampga uni ishontirishi mumkin bo‘lgan va Amerika yetakchisini biror narsani qurbon qilishga ilhomlantiradigan taklif bilan chiqishi ehtimoli borligidan tashvishda. Biroq, bunday taklifning oqibatlari ancha katta bo‘ladi.

AQSh va KXDR sammiti Vetnamda 27-28 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top