12:20 / 19.03.2019
24884

Tahririyatga xat keldi: Zo‘ravon er xo‘rlagan kelinning iztiroblari

Foto: Illyustrativ foto

Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi S.G‘.dan tahririyatimizga xat keldi. Hikoyadan ma'lum bo‘lishicha, 32 yoshli S.G‘. 2018 yilning dekabrida 35 yoshli B.Q.ga turmushga chiqadi.

«Turmushim uzoqqa cho‘zilmadi: go‘zal va chiroyli oila quraman deb turmushga chiqqandim, afsuski, aldandim. Turmushimdan uch kun o‘tib, har kuni spirtli ichimlik ichib kelib ura boshladi, lekin hammasiga chidadim. Uydagilarga, ya'ni ota-onamga gap yetkazmaslikka harakat qilib keldim.

Bir kuni yaqin qarindoshlarim — ota-onam mehmon bo‘lib kelishdi. Shunda mening ko‘zlarim ko‘kargan, erim ancha tan jarohat yetkazgan edi. Keyin ular mendan ko‘zlarimga nima bo‘lganini so‘rashdi. Men esa  hech nima bo‘lmaganini aytdim va oilamni dedim: erim vaqt o‘tib ichishdan voz kechib, yaxshi bo‘ladi degan umidda edim. Ota-onam «yaxshi yashanglar, urishmanglar», deb nasihat qilib ketishdi.

Men yaqin qarindoshlarim bilan telefon orqali gaplasha olmasdim. Sababi — telefon yo‘q, svet yo‘q, qishloq aholisidan ancha olisda yashardik, bayramlarda tabriklab qo‘yay, desam iloji yo‘q: hech qayerga chiqarilmasdan yashadim. Jonimdan qattiq o‘tkazib xo‘rlashlar davom etar edi.

Tug‘ilgan kunimga ota-onam, yaqinlarim kelishdi. Hammamiz onam pishirib kelgan non-kulchalarga to‘lib toshgan dasturxon atrofida o‘tirdik.

Mehmonlar ketishgach, keyin yana katta janjal boshlandi: «uydagilaring yotib ketishmadi», «ko‘p ovqat yeyishmadi», «sening onang yomon, otang yomon», deb menga «tilingdan tilxat yozasan: o‘z-o‘zimni o‘ldirdim, mening hech kimdan da'voim yo‘q», deb, bir qo‘lida pichoq bilan bo‘ynimga niqtadi. Keyin «seni o‘ldiraman, mana buni ich!» — deb aroqni og‘zimdan majburlab quydi. So‘ng dasturxonda turgan non-kulchalarni oyog‘i bilan tepib, «onang yopgan nonga tupurdim», deb idish-tovoqlarni sindirib, shisha sinig‘i bilan tanamga qattiq jarohat yetkazdi. Badanim qonga belandi.

Uydan qochib chiqishni o‘ylardim: bu qo‘li qon inson bilan yashash qiyinligi aniq edi. Shu kecha turmush o‘rtog‘im bir qo‘lida pichoq, bir qo‘lida aroq bilan uxlab qoldi. Bundan foydalanib, derazadan qochib chiqib, qorong‘i tunda tog‘ma-tog‘ oshib, tuman tibbiyot markaziga yetib keldim. Shifokorlar yordami bilan uydagilarimga xabar berildi, meni ko‘rib ota-onam qo‘rqib ketishdi.

Keyin Qo‘shrobot tuman IIBga xabar berishdi. Hozirgacha surishtiruv ishlari davom etmoqda. Endi bu inson bilan yarashish niyatim yo‘q».

* * *

Biz mazkur xatni yo‘llagan juvon bilan telefon orqali suhbatlashdik. So‘ngra oilada yuz bergan bunday zo‘ravonlikka qanday chora ko‘rilgani bilan qiziqdik.

Ma'lum bo‘lishicha, B.Q turmush o‘rtog‘i S.G‘.ning «sog‘ligi yengil buzilishiga sabab bo‘ladigan tan jarohati» yetkazgani uchun tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ish sudga oshirilgan.

12 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining «Qoratosh» MFY binosida sudya I.G‘ulomov raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sayyor sud majlisida mazkur ish ko‘rib chiqilgan.

Sud majlisida jabrlanuvchi va guvohlar, shuningdek, sudlanuvchi zo‘ravon er ham so‘roq qilingan. Sud sudlanuvchi B.Q.ning sodir etgan jinoiy xatti-harakati dastlabki tergov organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksinining 109-moddasining 2-qismi bilan to‘g‘ri malakalangan, deb hisoblagan.

Sud, B.Q. tomonidan sodir etilgan jinoyatni qasddan sodir etilgan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat deb hisoblab, uning qilmishidan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganini, qaramog‘ida 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lib, oilasida yagona boquvchi ekanini va jabrlanuvchidan kechirim so‘raganini uning aybini yengillashtiruvchi holatlar; jinoyatni spirtli ichimlik iste'mol qilib, g‘araz va past niyatda sodir etganini aybini og‘irlashtiruvchi holat o‘laroq baholagan.

Sud hukmi bilan B.Q.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasining 2-qismi bilan har oyda ish haqining 15 foizi miqdorida davlat foydasiga ushlab qolgan holda bir yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlagan.

Biz bilan suhbatda S.G‘. turmush o‘rtog‘i bilan FHDYo organida qonuniy nikohdan o‘tgani, endi tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilib, turmushidan ajralishini ma'lum qildi.

Albatta, ichkilik — barcha balolarning boshidir. Bir marta turmushi buzilgan er bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, ikkinchi marta uylanib, o‘z xotiniga yana zo‘ravonlarcha munosabatda bo‘lishi, ayovsiz haqoratlashlariga chidash qiyin. Bundaylarga hech kimning tushuntirishi ham, nasihati ham, yalinib-yolvorishi ham kor qilmaydi. Insofni o‘ziga bermasa qiyin.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

Top