17:16 / 01.06.2019
13386

Xose Antonio Reyyes YTH oqibatida vafot etdi

Foto: Cristina Quicler/AFP/Getty Images

Ispaniya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Xose Antonio Reyyes bugun, 1 iyun kuni 35 yoshida vafot etdi.

«Sevilya» klubi rasmiy tvitterida tasdiqlanishicha, u yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘lgan. Hozircha YTH tafsilotlari ma'lum emas.

Reyyes «Sevilya» tarbiyalanuvchisi edi. U ushbu klubdan tashqari «Arsenal», «Real», «Atletiko», «Espanol», «Kordoba» hamda Xitoyning «Sinszyan Tyanshan Leopard» klublarida o‘ynagan. 2019 yildan Xose Antonio Segundaning «Estremadura» jamoasida to‘p tepgandi.

Reyyes – klub futbolida jami 11ta sovrinni qo‘lga kiritgan, Angliya va Ispaniya chempioni bo‘lgan. U APLda oltin medal olgan ilk ispaniyalik futbolchi sanaladi. Shuningdek, Reyyes «Sevilya» va «Atletiko» tarkibida 5 marotaba Yevropa ligasida g‘olib chiqqan, bu – musobaqa tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.

Xose Antonio Reyyes Ispaniya milliy jamoasida 22ta o‘yin o‘tkazib, 4ta gol urgan; JCh-2006da ishtirok etgan.

Top