16:57 / 20.08.2019
41993

Mirziyoyev: Kimdir bizning islohotlarimizga shubha qilsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin

Prezidentning o‘tgan yilgi tashrifi davomida berilgan ko‘rsatmalar asosida hukumatning Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilingan. Unda 2019-2021 yillarda jami 1 trillion 485 milliard so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. 

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qisqa vaqt ichida qator obektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, 800 o‘rinli amfiteatr va davlat xizmatlari markazi qurildi, madaniyat markazi va stadion, «Bozatau» ovul fuqarolar yig‘inidagi oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi.

Iyul oyida «Mo‘ynoq porloq teks» mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. 350 ta ish o‘rni yaratildi.

Zamonaviy mashinalar o‘rnatilgan mazkur korxona yiliga 1 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirda choyshab va ko‘rpajildlar, maxsus ish formalari tikilmoqda. Shu yerda savdo do‘koni tashkil etilgan. Yangi qurilayotgan uylardan korxona ishchilari uchun xonadonlar ajratilgan.

Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

- Mo‘ynoqdagi o‘zgarishlarni, sizlarning ko‘zlaringizdagi rozilikni ko‘rib juda xursandman. Bu – uzoq-uzoq hududlarga borib qilayotgan ishlarimiz natijasi. Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan bo‘lsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin, - dedi prezident.

Davlat rahbari mutasaddilarga korxonani barqaror ishlatish, mahsulot turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Top