21:05 / 05.11.2019
1
17184

«Isuzu Motors» Samarqandda avtomobil ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirmoqchi

Foto: O‘zA

«Isuzu Motors» kompaniyasi Samarqand avtozavodida avtomobil ishlab chiqarish hajmini ikki barobardan ko‘proqqa oshirishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Yaponiya kompaniyasi rasmiy vakili Yasuyuki Nijimaga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«O‘zAvto» bizni qo‘llab-quvvatlayapti. Samarqand avtomobil zavodi aksiyalarining bir qismi bizga tegishli. Hozir bu zavodda yiliga 3-4 ming avtomobil ishlab chiqarilyapti. Bu ko‘rsatkichni yiliga 10 mingtagacha yetkazish rejamiz bor», – dedi Yasuyuki Nijima.

«Isuzu Motors» rasmiysi o‘tgan hafta Yaponiyaning Fujisama shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro avtomexaniklar tanlovi vaqtida jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lib, yuqoridagi ma'lumotni qayd etib o‘tdi.

«Isuzu Motors» vakillarining qo‘shimcha qilishicha, kompaniya hozircha elektrobuslar va gibrid avtobuslarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmayapti.

Foto: "Toshshahartransxizmat"

«SamAvto» ma'lumotiga ko‘ra, Samarqand avtomobil zavodining 8 foiz aksiyasi «Isuzu Motors»ga qarashli. Zavod aksiyalarining 58 foiziga «O‘zavtosanoat», 26 foiziga «Asaka» banki, yana 8 foiziga Yaponiyaning «Itochu» korporatsiyasi egalik qiladi.

1999 yilda ochilgan Samarqand avtomobil zavodi 2006 yildan buyon «Isuzu Motors» kompaniyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Zavod avtobuslar, yuk va maxsus avtomobillar ishlab chiqaradi. Mahsulotlar qatorida dizel dvigatelidan tashqari, siqilgan tabiiy gazda yuruvchi avtomobillar ham bor. Bu transport vositalari ekologik jihatdan «Yevro-2»dan «Yevro-5»gacha bo‘lgan standartda ishlab chiqarilmoqda.

Foto: "SamAvto"

Zavod mahsulotlari qo‘shni respublikalar, Rossiya va Gruziyaga eksport qilinadi.

Hozirga kelib, Samarqandda ishlab chiqarilgan jami avtomobillar soni 36 mingdan ortadi.

Foto: "SamAvto"

Ma'lumot uchun, «Isuzu Motors» – birinchi yapon avtoishlabchiqaruvchisi sanaladi. Asos solinganiga yuz yildan oshgan kompaniya butun dunyo bo‘ylab tijorat va yuk avtomobillari, yo‘ltanlamaslar va avtobuslar ishlab chiqaradi.

2018 moliya yilida «Isuzu» modelidagi 648 mingga yaqin avtomobil sotilgan. Ulardan to‘rt mingga yaqini, yuqorida ta'kidlanganidek, Samarqand avtomobil zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top