O‘zbekiston | 15:47 / 24.12.2022
8100
4 daqiqa o‘qiladi

Kichik sig‘imli avtobuslar vaqtinchalik chora sifatida qo‘yilmoqda - «Toshshahartrans»

Tez orada ular o‘rnida katta sig‘imli avtobuslar harakatlana boshlaydi.

Toshkentda harakatlanayotgan avtobuslar soni mingtadan oshirildi. Ular orasida Isuzu rusumlilari ham talaygina. Bu kichik sig‘imli avtobuslar nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar (homilador yoki bolali ayollar, qariyalar) uchun moslashmagan.

«Toshshahartrans» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdujamil Azizov poytaxtda bunday avtobuslar yo‘nalishga qo‘yilgani bo‘yicha izoh berdi. Uning aytishicha, bu masala – hozircha vaqtinchalik yechim, jamoat transportining intervallarini qisqartirish uchun qilingan harakat hisoblanadi.

«Tez orada yo‘lovchilar gavjum bo‘lgan yo‘nalishlarga katta sig‘imli avtobuslar joylashtiriladi», – dedi u.

Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovdan ham bu avtobuslar intervallarni qisqartirish maqsadida safarbar etilganini aytdi.

«Toshkent shahrida jamoat transporti harakat tarkibi yetishmovchiligini hisobga olgan holda qishning sovuq kunlarida yo‘lovchilarning ko‘chada turib qolmasligi, oraliq intervallarni iloji boricha kamaytirish maqsadida kichik sig‘imli Isuzuʼlar bilan bo‘lsa ham, jamoat transportini ko‘paytirish masalasi qo‘yilgan.

Lekin bu – vaqtinchalik chora, yangi katta sig‘imli avtobuslar kirib kelganidan keyin Isuzuʼlar shahar tashqarisidagi ma’lum bir hududlarni bog‘laydigan yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi va shahar ichi aholi uchun qulay bo‘lgan, katta sig‘imli harakat tarkiblari bilan to‘ldiriladi. Bu vaqtinchalik chorani to‘g‘ri qabul qilish kerak», – dedi u Kun.uz muxbiri savoliga javoban.

Uning qayd etishicha, bu yil 190 ta katta sig‘imli avtobus olib kelinishi kerak bo‘lgan, 90 ta avtobus keltirilgan, ammo qolganlari ishlab chiqaruvchining kechikkani sabab yetkazilmagan.

«Ishlab chiqaruvchi vaqtida yetkazib berolmagani uchun bu ishlar keyingi yilga o‘tdi. Mana shu avtobuslarning vaqtida kelmagani sabab jamoat transportidagi defitsit ko‘rinib qoldi. 2-3 oy ichida avtobuslar yetib keladi. 2025 yilgacha belgilangan mingta avtobusni ham birdaniga olib berish masalasi ko‘rib chiqilyapti», – dedi loyiha ofisi direktori.

Bu mingta yangi avtobuslar qanday rusumda bo‘lishi va qayerdan olib kelinishi aniq emas, ammo Obidovga ko‘ra, 2023 yilda keltiriladigan avtobuslar eng kamida ekologik talablarga javob beradigan, zamonaviy bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Transport vazirligi matbuot kotibining 21 dekabrda bergan ma’lumotiga ko‘ra, 850-870 ta qatnov yo‘nalishidagi avtobuslar soni 1050-1090 taga ko‘paytirilgan. Yo‘nalishdagi avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqartirilgan. Hozirda bu avtobuslarning harakatlanishi uchun tajriba-sinov tariqasida markaziy ko‘chalarda yo‘laklar tashkil etilyapti.

Ayni vaqtda maxsus yo‘laklar ro‘parasiga videokameralar o‘rnatilmoqda, unda qoidabuzar sifatida qayd etilgan haydovchilar ma’lum miqdorda jarimaga tortiladi.

Mavzuga oid