Singapurda yuqumli kasalliklar to‘g‘risidagi qonunni buzgan har qanday shaxs 7150 dollar miqdorida jarima to‘laydi yoki olti oyga qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Singapurda koronavirusga chalingan xitoylik va uning turmush o‘rtog‘i yolg‘on ma'lumot bergani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Singapur sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, Uxan shahrilik 38 yoshli Tszyun va uning xotini, 36 yoshli singapurlik Shi Sha 22 yanvardan 29 yanvargacha qayerlarda bo‘lgani to‘g‘risida yolg‘on ma'lumot bergan. Ularning ishi 28 fevral kuni sudda ko‘rib chiqiladi.
Xabar qilinishicha, Xu Tszyun Singapurga 22 yanvarda kelgan. 31 yanvarda unda koronavirus aniqlangan. U tuzalib, 19 fevral kuni kasalxonadan chiqqan. Ammo ular Singapurning qaysi joylarida bo‘lgani to‘g‘risida yolg‘on ma'lumot bergani uchun ularning kimlar bilan muloqotda bo‘lgani va kimlarga kasallik yuqtirganini aniqlash imkoni bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, Singapurda yuqumli kasalliklar to‘g‘risidagi qonunni buzgan har qanday shaxs 7150 dollar miqdorida jarima to‘laydi yoki olti oyga qamoq jazosiga hukm qilinadi.