08:28 / 26.04.2020
12033

G20 yetakchilari videoanjumani Xitoy va AQSh o‘rtasidagi kelishmovchilik sababli bekor qilindi - OAV

“Katta yigirmatalik” davlatlari yetakchilari ishtirokidagi videoanjuman Xitoy va AQSh o‘rtasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining roli borasidagi kelishmovchilik sababli bekor qilindi. 

Foto: Marcos Correa / Reuters

Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi. Anjuman 24 aprelda o‘tishi kerak bo‘lgan.

Nashrning anjumanga tayyorgarlikda ishtirok etgan manbasi ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh JSSTning Xitoyda koronavirus avj olgani haqida ma'lumot olgandan keyin amalga oshirgan dastlabki qadamlari haqida batafsil hisobotni talab qilgan. O‘z navbatida, Pekin Vashingtonning JSST faoliyatini tergov qilishni boshlash taklifini muhokama qilishni qat'iyan rad etgan. Shu sababli videoanjuman oxirgi pallada bekor qilingan. 

Manba AQSh va Xitoy JSST faoliyati borasidagi hisobot bo‘yicha murosaga kelsa, bunday sammit yaqin orada bo‘lib o‘tishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

G20 yetakchilarining videoanjuman shaklidagi ilk sammiti 26 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Unda pandemiya sharoitida jahon iqtisodiyotini barqarorlashtirish uchun 5 trln dollar ajratishga kelishib olingan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp JSSTni pandemiyaga qarshi kurashda sustkashlikda ayblab, tashkilotning Vashington tomonidan moliyalashtirilishi to‘xtatilishini ma'lum qilgan. Trampning ta'kidlashicha, JSST koronavirus haqida ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim qilmagan va barcha haqiqatni jahon hamjamiyatiga yetkazmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top