11:33 / 07.05.2020
9829

Buxoroda ko‘p qavatli uylarning 204tasiga jiddiy zarar yetgan, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda

Buxorodagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari jadal olib borilmoqda.

«Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, hayotiy muhim obektlar va tizimlarni, shu jumladan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi obektlarini ishchanlik holatiga keltirish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.

Kuchli shamol oqibatida zarar yetkazilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni ta'mirlash, uylarga tutash hududlardagi obektlarni qayta tiklash borasida ham ishlar samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu maqsadlarda tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarda hozir bo‘lgan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev ko‘rsatmasi asosida Buxoro viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida tezkor shtab tashkil etilib, birinchi navbatda yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar miqdorini aniqlash va baholash ishlari tashkil etildi. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarda istiqomat qiluvchi aholining birinchi darajali ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish, xususan ichimlik suvi muammosi va boshqa hayot uchun zaruriy sharoitlarni tiklash va ta'minlash ishlariga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari safarbar etildi», deyiladi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati xabarida.

Tezkor shtab tomonidan tashkil etilgan o‘rganishlar jarayonida viloyatdagi mavjud 1881ta ko‘p kvartirali uy-joylarning 204tasiga jiddiy zarar yetkazilgani ma'lum bo‘ldi.

Jumladan, tabiiy ofatdan eng ko‘p miqdorda zararlangan Olot tumanidagi «Xalqobod» MFY hududida joylashgan 26ta ko‘p kvartirali uylarning 25tasi, Qorako‘l tumanidagi 29ta ko‘p kvartirali uylarning 27tasida tom qismlari zararlangani qayd etildi.

Tabiiy ofat elektr energiyasi ta'minoti, aloqa va tabiiy gaz yetkazib berish tizimlarini ishdan chiqarib, suv ta'minoti inshootlari va quvurlariga ham sezilarli darajada shikast yetkazgani ma'lum bo‘lgach, o‘sha kunning o‘zidayoq zaxira kuch-vositalar jalb qilinib, Olot va Qorako‘l tumanlarining barcha aholi yashash maskanlariga tashima suv yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.

Oradan ikki kun o‘tib esa tezkor ta'mirlash-tiklash guruhlari tomonidan avariya holatlari bartaraf etilib, aholining ichimlik suv ta'minoti qayta tiklangan.

«Mana hodisadan bor-yo‘g‘i bir hafta o‘tib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish borasidagi fidokorona mehnatning dastlabki natijalari ko‘zga yaqqol tashlanishi bilan odamlar kayfiyatida ham ijobiy o‘zgarishlar, ertangi kunga ishonch va umid ifodasi ko‘rina boshladi.

Ana shu qisqa fursatda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tashabbuskorligidagi mutasaddi tashkilotlar hamkorligida Olot va Qorako‘l tumanlaridagi jami 52ta ko‘p kvartirali uylarning tom qismini tezkorlik bilan tiklash maqsadida 13ta pudrat tashkilotlar jalb qilinib, ayni kunda barcha uylarda ta'mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. Shundan 2ta uyning tom qismi to‘liq tiklanib, 15ta ko‘p kvartirali uylarning profnastilgacha bajarilishi lozim bo‘lgan ishlari ham yakunlandi.

Shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasining tumanlardagi bo‘limlari sa'y-harakati bilan pudratchi tashkilotlar jalb qilinib, Buxoro shahridagi 8ta, Kogon shahridagi 3ta, Peshku tumani markazidagi 4ta, Shofirkon shaharchasidagi 3ta va Jondor tuman markazidagi 1ta ko‘p kvartirali uylarning tom qismlari to‘liq tiklandi.

Aholi punktlarida tabiiy ofat oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik, transport va energetika infratuzilmasi hamda boshqa hayotiy muhim obektlar va tizimlarni, uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish obektlarini tiklash va ishchanlik holatiga keltirish kabi dolzarb masalalar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining diqqat markazida bo‘lib, ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Muayyan maqsad yo‘lida aniq manzilni ko‘zlab qilinayotgan harakatlar esa samara berishiga hech qanday shubha yo‘q», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top