15:03 / 30.06.2020
39457

Ikki dekan o‘rinbosari, maktab o‘qituvchisi va kollej hisobchisi qo‘lga olindi - so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar haqida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Foto: Vitaliy Timkiv

Qoraqalpog‘iston va Buxoroda fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan dekan o‘rinbosarlari ushlandi

Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari D.S. xizmat mavqeyidan foydalangan holda, fuqaro T.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga oldindan talab qilgan 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Tezkor tadbir Departamentning Kegeyli tuman bo‘limi tomonidan prokuratura, DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Xuddi shunday, Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro muhandislik texnologiya instituti dekani o‘rinbosari M.A. hamda Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro viloyat filiali talabasi M.Q. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro O.ni Moskva davlat radio elektronika va radio texnika institutiga o‘qishga kirishi uchun onlayn tarzda bo‘ladigan test sinovlaridan o‘tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari talab qilib, shundan, 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Bu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Asakada soxta diplom va'da qilgan kollej hisobchisi ushlandi

Asaka tumani tibbiyot kolleji bosh hisobchisi B.X., fuqaro Z.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali «Hamshiralik ishi» yo‘nalishida o‘qigani haqida diplom olib berish evaziga oldindan talab qilgan 1 100 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan B.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Asaka tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

 

Pskentda TDPUga o‘qishga kiritishni va'da qilgan maktab o‘qituvchisi ushlandi

Toshkent viloyati Pskent tumanidagi 13-sonli maktab o‘qituvchisi X. fuqaro Sh.ni tanishlari orqali Toshkent davlat pedagogika universitetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 500 AQSh dollari va 3,8 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Pskent tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

 

Yakkabog‘ tuman obodonlashtirish boshqarmasi hisobchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Yakkabog‘ tuman obodonlashtirish boshqarmasi bosh hisobchisi Sh.G. va boshqalar 2016-2019 yillar davomida 8,1 mln so‘mni o‘zi va 3 nafar fuqaroning yashash xonadoniga elektr energiyasi to‘lovi uchun o‘tkazgani, shuningdek, boshqarma balansidagi obektlardan tushgan 70,7 mln so‘m naqd pullarni kirim qilmasdan, o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Sh.G. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Yakkabog‘ tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

 

Namanganda yer ajratib berish evaziga fuqarodan pul talab qilgan firibgar ushlandi

Namangan viloyatida fuqaro M.B. firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida fuqaro A.ning ishonchiga kirib, unga tumandagi «B.» fermer xo‘jaligidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 2 gektar yer maydoni ajratishni tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 8 000 AQSh dollari va 20,4 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan fuqaro M.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

 

Yakkasaroyda 2 tonna etil spirtini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

Toshkent shahrida fuqaro M.A. xorijda ishlab chiqarilgan 2 tonna etil spirti va 100 dona idishlarni xaridor A.ga 52,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan fuqaro M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining186(1)-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid
Top