20:53 / 27.08.2020
6857

Avstriya kansleri mamlakatda pandemiya qachon tugashi mumkinligini aytdi 

Avstriya koronavirus pandemiyasi sababli qiyin kuz va qishni boshdan o‘tkazadi. Bu davrda koronavirusga qarshi choralar kuchaytirilishi mumkin. Biroq 2021 yil davomida mamlakat aholisi yana odatdagi turmush tarziga qaytishiga umid bor. Bunday fikrni Avstriya kansleri Sebastyan Kurs bildirdi.

Sebastyan Kurs / Foto: AP

“Qishdan keyin vaziyat yaxshi tomonga keskin o‘zgarishi mumkin, biz bunga umid qilmoqdamiz. Bunga aholining emlanishi va koronavirusga qarshi samarali dorilar mavjudligi ko‘mak berishi kerak”, deb aytgan kansler.

Uning aytishicha, ayni vaqtda butun dunyoda vaksina ishlab chiqish ustida ishlar olib borilmoqda. Yevropa ittifoqi o‘z fuqarolarini vaksinalar bilan ta'minlaydi. Bu vaksinalar pandemiyani samarali nazorat qilishga olib kelishi kerak.

Kursning ta'kidlashicha, koronavirusni va unga antitanalarni aniqlovchi mavjud testlarga qo‘shimcha ravishda ishonchli ekspress-testlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu pandemiyani tezroq nazoratga olishga yordam beradi. Ungacha esa aholi murakkab kuz-qish mavsumiga tayyor turishi lozim, deb ta'kidlab o‘tgan Avstriya kansleri.

Hozirda Avstriyada koronavirusga chalinganlar soni 26 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda, virusdan 733 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top