15:25 / 19.10.2020
3832

Abu-Dabidan birinchi tijorat aviareysi Isroilga yetib keldi

Birlashgan Arab Amirliklaridan (BAA) birinchi tijorat reysi dushanba kuni ikki mamlakat o‘rtasida o‘tgan oy imzolangan bitimdan so‘ng Isroilga yetib keldi. 58 nafar yo‘lovchini, shu jumladan ishbilarmonlar, turizm sohasi mutaxassislari va jurnalistlarni o‘z ichiga olgan Etihad Airways samolyoti Tel-Avivning Ben Gurion aeroportiga qo‘ndi.

Foto: yenisafak

Aeroportda kutib olingan samolyot kunning ikkinchi yarmida Abu-Dabiga jo‘nab ketdi. Isroil va BAA seshanba kuni Tel-Aviv va Abu-Dabi o‘rtasida 28 haftalik tijorat reyslarini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolashi kutilmoqda.

Etihad Airways samolyoti o‘tgan hafta birinchi marotaba Isroil osmoni ustida parvoz qildi, deya xabar berdi Isroil Mudofaa vazirligi. Ikki mamlakat 2021 yil boshida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat aviaqatnovini yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda, deb yozadi Isroil OAV.

Tovarlar, jumladan temir, o‘t o‘chirish, tozalash va elektronika uskunalari bilan to‘ldirilgan BAAning birinchi kemasi esa 12 oktabr kuni Isroilning Hayfa portiga yetib kelgan.

Bahrayn, BAA va Isroil 15 sentabr kuni Oq uyda munosabatlarni yaxshilash to‘g‘risida shartnomalar imzolangandan so‘ng to‘liq diplomatik, madaniy va tijorat aloqalarini o‘rnatishga kelishib olgan.

Falastinliklar bu bitimlarni «orqadan xanjar urish» deya baholab, ularda falastinliklar huquqlari inobatga olinmagani va Falastin manfaatlariga mos kelmasligini ta'kidlashgan.

Mavzuga oid
Top